“Open budget”da ilk sheriklik loyihalari g‘oliblari aniqlandi
Jamiyat
−
03 mart 3100 2 daqiqa
“Tashabbusli byudjet”da ilk sheriklik loyihalari g‘oliblari aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Sharq” MFY Yusuf Hamadoniy ko‘chasi ichki yo‘llarini asfaltlash hamda Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani “Eski Anhor” MFY va Oqar Daryo ko‘chalarini asfaltlash loyihalarining 50 foiz qismi fuqarolar tomonidan moliyalashtirilgan hamda ushbu loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb topilgan.
“Tashabbusli byudjet” jarayonlarining joriy yilgi 1-mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan sheriklik asosida kiritilgan loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb topilishi uchun mablag‘lar tranzit hisobraqamlariga o‘tkazilishi kerak.
Sheriklik loyihalari bo‘yicha fuqarolar mablag‘larni joriy yil 10 mart, soat 18:00 ga qadar tranzit hisobraqamlariga o‘tkazishlari lozim.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 29 avgustda qabul qilingan “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Tashabbusli byudjet” loyihalarini aholi va davlat o‘rtasida sherikchilik asosida moliyalashtirish imkoniyati yaratilishi va agar loyihalar qiymatining yarmini aholi qoplasa, ushbu loyihalar avtomatik g‘olib deb topilishi belgilangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tashabbusli byudjet”ning 2026 yilgi birinchi mavsumi uchun loyiha kiritish bosqichi rasman yakunlangani va ushbu davr mobaynida fuqarolar tomonidan jami 21 049 ta loyiha taklifi taqdim etilgani haqida xabar berilgan edi.