“Open budget”da g‘olib bo‘lgan loyihalar ro‘yxati e’lon qilindi
Jamiyat
−
01 Sentabr
30095“Tashabbusli byudjet” jarayonining 2024 yildagi 2-mavsumida g‘olib bo‘lgan 1772 ta loyiha e’lon qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ovoz berish jarayonlarida mamlakat bo‘ylab 9 million 81 ming 610 fuqaro ishtirok etgan. Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, 2 trillion 139 milliard so‘mlik 1772 ta loyiha g‘olib deb topildi. Mavsum uchun tuman va shahar byudjetlari hisobidan 2 trln 271 mlrd 719 mln so‘m ajratilgan. G‘olib bo‘lgan loyihalar bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.
Ma’lumot uchun, 22 avgust kuni boshlangan ovoz berish bosqichi 31 avgust soat 23:59 ga qadar – 10 kun davom etdi. Bu vaqt davomida ovoz yig‘ishga majburlash holatlari yuzasidan 39 ta shikoyat tushdi. Unga ko‘ra, hududlar kesimida eng ko‘p shikoyat Farg‘ona viloyatida (7 ta) tushgan. Shuningdek, Toshkent shahrida 6 ta, Namangan va Jizzax viloyatlarida 5 tadan shikoyat tushgan. Shikoyatlarning ko‘pchiligi umumta’lim maktablari (19 ta) va tibbiyot tashkilotlarida (16 ta) kuzatilgan. Kelib tushgan barcha murojaatlar ko‘rib chiqish uchun tegishli tuman (shahar) Xalq deputatlari kengashlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi mahalliy hokimliklarning aholi muammolarini hal qilishda faqat “Open budget”ga tayanib qolayotganini qoralagandi.
LiveBarchasi