Opasiga uyatsiz SMS yozgan erkakni o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxs qamaldi
3-sahifa
−
04 fevral 5153 2 daqiqa
Xorazm viloyatida opasiga ishqiy mazmundagi uyatsiz SMS-xabarlar yozgan tanishidan o‘ch olish maqsadida uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan erkak 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, 28 yoshli yigitga 2025 yilning iyun oyi oxirida Rossiya Federatsiyasida mehnat migranti sifatida ishlab yurgan vaqtida opasi mahalladoshi unga ishqiy mazmunda SMS-xabarlar yozib, jinsiy yaqinlik qilishni taklif qilganini aytgan. Sudlanuvchi bu xabarlardan g‘azablanib O‘zbekistonga qaytib kelgan va jabrlanuvchidan o‘ch olishni rejalashtirgan.
2025 yil 23 iyul kuni tungi soat 01:45 atrofida u oldindan sotib olgan oshxona pichog‘ini o‘zi bilan olib, jabrlanuvchini yo‘lda uchratib qolgan. Uni uyigacha elitib qo‘yish bahonasida avtomashinasiga mindirib olgan. Yo‘lda mashina yoqilg‘isi tugab qolganidan foydalangan holda, sudlanuvchi jabrlanuvchining bo‘yin sohasiga pichoq bilan zarba bergan. Ikkinchi zarbani berishga uringan paytda esa jabrlanuvchi qo‘li bilan himoyalanib, qochib qolgan.
Jabrlanuvchiga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgani sababli uning hayoti saqlab qolingan. Sud-tibbiy ekspertizasiga ko‘ra, olingan jarohatlar inson hayoti uchun o‘ta xavfli bo‘lgan va agar pichoq bir oz chuqurroq sanchilganida, o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan.
2025 yilning 18 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiariq tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. U Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sud jarayonida sudlanuvchi va uning himoyachisi qilmishni yengilroq moddaga qayta kvalifikatsiya qilishni so‘rab apellyatsiya shikoyati kiritgan. Biroq, joriy yilning 28 yanvar kuni Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasi mazkur ishni ko‘rib chiqqan. Apellyatsiya instansiyasi sudi jinoyatning barcha holatlari, dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari va ekspertiza xulosalarini o‘rganib chiqib, sudlanuvchining harakatlari qasddan odam o‘ldirishga suiqasd sifatida to‘g‘ri baholangan, degan xulosaga kelgan. Natijada sud birinchi instansiya hukmini o‘zgarishsiz qoldirib, sudlanuvchini 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risidagi qarorni kuchida qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada erkak bir yoshli qizini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi