Onasi ayiq qafasiga tashlagan qiz 18 yoshgacha tibbiy nazoratda bo‘ladi
Jamiyat
−
07 fevral 2022
5234Toshkent hayvonot bog‘ida ayiq qafasidan olib chiqilgan qizaloqning salomatligi 18 yoshga to‘lguniga qadar nufuzli tibbiyot markazi nazoratida bo‘ladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi shifoxonada bir necha kundan beri muolaja olayotgan qizaloqning holati bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Hozir bemor tibbiyot xodimlari nazorati ostida rejali muolajalarni davom ettirmoqda. Sog‘ligi kundan kun tiklanib boryapti.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi bemor qizaloq Z.A.ning 18 yoshga to‘lguniga qadar salomatligini doimiy nazorat qilish uchun Bolalar milliy tibbiyot markazi va uning direktori, tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipovni shaxsan mas’ul etib belgilagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘ida yuz bergan mudhish holat muhokamalarga sabab bo‘ldi. Soat taxminan 12:00 larda yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra odamlarning ko‘z oldida o‘z qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan.
Ayiq qizaloqqa zarar yetkazmagan. Hayvonot bog‘i xodimlari ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo‘lishgan.
2018 yilda tug‘ilgan qizaloqqa dastlab hayvonot bog‘i hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatadi. Shundan so‘ng tez yordam mashinasida soat 13:30 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
Hayvonot bog‘i ma’muriyatiga ko‘ra, 3 yoshli qizaloq intensiv terapiya xonasiga ko‘chirilgan.
Hozirda holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Prokuratura qizini ayiq qafasiga uloqtirgan ona ruhiy 2021 yilning iyul oyidan buyon ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turishini ma’lum qildi.
Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi esa ayol oliy ta’lim muassasasida dars berishini va turmush o‘rtog‘i bilan ajrayotganini ochiqladi.
LiveBarchasi