Ommaviy tartibsizliklar orqali diniy cheklovlar o‘rnatilishidan manfaatdorlar bor – Qodirov
Intervyu
−
01 aprel 2021
10934LGBT borasidagi provokatsiyalar aynan Islom diniga e’tiqod qiluvchilarga qaratilgan va ularning maqsadi mamlakatda dindorlarga yaratib berilayotgan sharoitlarga soya solish. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov bilan jonli efirdagi suhbatda so‘z ochdi.
“LGBT masalasidagi provokatsiya ikki-uch kun avval boshlangani yo‘q. U bir necha oydan buyon davom etayotgandi va provokatorlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgandi. Buni sal sovuq ong bilan tahlil qilinsa, provokatsiya ekanini bilish mumkin. O‘sha provokator kaltaklandi. Butun dunyoga bu haqda jar solishyapti. Uni go‘yo jabrlanuvchi, O‘zbekistondagi jamiyatni betoqat deb ko‘rsatishmoqda. Bu ishlar O‘zbekistonda ninani uchi bilan juda qiyinchilik bilan shakllantirilayotgan erkin jamiyat, demokratik o‘zgarishlar muhitiga, yana siyosiy jarayonlar yilida soya solish maqsadida, betoqatlikka urg‘u berish orqali O‘zbekistonda erkin jamiyat xom xayol degan fikrni uyg‘otish uchun qilinmayotganiga kim kafolat beradi?”, deydi Qodirov.
Ko‘pgina hollarda bu kabi voqealar sun’iy ravishda kun tartibiga chiqariladi va qaysi cheklovlarni amalga oshirish oldidan jonli fakt vazifasini o‘taydi. Masalan, ko‘plab mamlakatlarda diniy cheklovlarni o‘rnatish uchun tashqi va ichki kuchlar tomonidan asosan dindorlarning nafsoniyatida o‘ynaydigan masalalar o‘ylab topiladi va shu orqali ularning namoyishga chiqishi tashkil etiladi. Qarabsizki, mamlakat aholi din sabab radikallashyapti degan iddaolar o‘rtaga tashlanadi. Xo‘sh, O‘zbekistonga ham LGBTni tiqishtirish ortida aynan shu maqsad yotmayaptimi? Alisher Qodirov bu haqda shunday deydi:
“Sun’iy ravishda muammolarni yaratish, ularni yechish uchun cheklovlarni ishlab chiqish bizda yangilik emas. Tarixda buni ko‘rganmiz.
Menga bir narsa juda alam qiladi. Juda yomon mavzuga yana mo‘min-musulmonlar aybdordek harakat bo‘ldi. Nega, bunga sabab nima? Chunki e’tiroz bildirgan bir guruh “Allohu akbar”, deb baqirdi”.
Qodirovga ko‘ra, o‘tgan 4-5 yilda mamlakatdagi o‘zgarishlardan eng unumli foydalanayotgan ham aynan Islom diniga e’tiqod qiluvchilardir. Biroq, ular o‘ylamay qilingan har bir harakat “dindorlar radikallashyapti” degan ayblovlarni ilgari surish va Hukumatni shu orqali cheklovlar o‘rnatishga undashga sabab bo‘lishi mumkin.
“Bugungi erkinlikdan eng yaxshi foydalanayotgan qatlamlardan biri Islomga e’tiqod qiluvchi mo‘min-musulmonlar. Tan olib aytishimiz kerak, oxirgi 10-15 yilni ko‘rdik, Sovet davrini ko‘rganmiz. O‘zbekistonda oxirgi 4-5 yil ichida dinga nisbatan munosabat, e’tiqod, islomiy amallar bo‘yicha bunday erkinlik bo‘lmagan. Endi savol tug‘iladi: bu erkinlikni avaylab-asrash kerakmi, yo huda-behudaga huquqqa zid shaklda ishlatib obro‘sini to‘kish kerakmi? Agar mana shunday xatti-harakatlar bo‘laversa, tashqi dunyo dinga nisbatan munosabatni o‘zgartirish uchun O‘zbekiston radikallashyapti degan fikrlarni bergandan keyin o‘z-o‘zidan hokimiyat biz xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘zini sekin chetga tortishni boshlaydi. Ya’ni xavotirga tushishni boshlaydi. O‘rtaga tashlangan har qanday savollarning bir nechtasi, albatta, xavotir uyg‘otadi”, deydi Alisher Qodirov.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Qodirovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda Islom dinidan foydalanish, uni o‘rganish, tadqiq etish, din rivojiga hissa qo‘shish, ma’naviy Islomni, uning asl ma’rifatini targ‘ib etish borasida katta salohiyat mavjud. Ammo bu salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayapti. U so‘zida davomida bot-bot tartibsizliklarni dinning nomidan amalga oshirish orqali cheklovlar o‘rnatilishini istayotgan bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
“Ommaviy tartibsizliklarni dinni nomidan amalga oshirish orqali bizga berilayotgan erkinlikni cheklashga maqsadi qilinmagan, deb kim kafolat beradi. Kimlarningdir g‘araz maqsadi uchun biz yana dinimizni qurbon qilyapmizmi? Yana e’tiqodimizni, avaylab-asrab o‘stirayotgan erkinligimizni qurbon qilyapmizmi?”, deydi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda bloger Miraziz Bozorovning Amir Temur xiyobonida atrofida LGBT tarafdorlari to‘planishi haqidagi videomurojaati tarqaldi. Shu kuni xiyobonga besoqolbozlikka qarshi bo‘lgan bir guruh faollar to‘plandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ular “Allohu Akbar” deb baqirib yurganini ko‘rish mumkin edi. Shu kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tartibsizliklarda qatnashgan 12 kishini qo‘lga olib, ularga nisbatan jinoiy ish ochilganini e’lon qildi.
Deputat Alisher Qodirov bilan eksklyuziv intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr