Ommaviy tartibsizlikka da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Jamiyat

image

“Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalarining Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tomonidan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid hujjat loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Milliy tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirov ma’lumot berdi.

Qonun loyihasida:

1) Jinoyat kodeksining 244-moddasi o‘zgartirilmoqda. Moddada hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faollik bilan bo‘ysunmaslikka, ommaviy tartibsizlikka va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda;

2) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga 1-qo‘shimcha kiritilmoqda. Unda, fuqarolarni O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

3) “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasi 1-qo‘shimcha bilan to‘ldirilmoqda. Unda veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog‘idagi sahifasida:

•    ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilish;

•    jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish;

•    jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga (milliy va umuminsoniy qadriyatlarga) hurmatsizlikni namoyon etuvchi beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;

•    pornografiya, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qilish, shuningdek o‘z joniga qasd qilishga da’vat etish;

•    voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga yoxud o‘zga shaxslarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi g‘ayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga va boshqa tarzda jalb qilishga yo‘naltirilgan axborotni tarqatish;

•    referendum to‘g‘risidagi va saylov haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaslik;

•    fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini ularning roziligisiz joylashtirish;

•    hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-sayti va (yoki) veb-sayt sahifalarining, shu jumladan tezkor xabarlar almashish tizimlarining monitoringini ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan axborot va materiallarni aniqlash maqsadida amalga oshirishi ta’qiqlanmoqda.

Qo‘shimchalarga muvofiq, o‘ziga xabar yuborilishi uchun o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga, shu jumladan tezkor xabarlar almashish tizimlariga elektron pochta manzilini, qonunni buzgan holda tarqatilayotgan axborot to‘g‘risida murojaatlar yuborilishi uchun o‘z ism-sharifining bosh harflarida, familiyasini (jismoniy shaxs uchun) yoki nomini (yuridik shaxs uchun) joylashtirishi ham belgilanmoqda.

Qonunning 12-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan axborot aniqlangan taqdirda, ushbu ma’lumotlardan foydalanishni cheklash choralarini darhol ko‘rishi lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, o‘z veb-saytida va (yoki) veb-sahifasida internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining domen nomlari tizimida izoh beruvchi shaxslar turgan mamlakatni identifikatsiyalovchi noyob manzil (IP-manzil) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirishi shart ekanligi belgilanmoqda.

Endi qonun loyihasi quyi palata yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

kodeks

Baholaganlar

32

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing