Abituriyentlarga darslikdan tashqari savollar tushyaptimi?
Jamiyat
−
16 iyul
10348Ijtimoiy tarmoqlarda OTMga kirish testlarining ilk kunida huquq fanidan imtihonga kirgan abituriyentlarning testda darsliklarda mavjud bo‘lmagan ma’lumotlardan, xususan, kodeks va qonunlardan tuzilgan savollar borligi haqidagi shikoyatlari tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Bilimni baholash agentligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Prezident qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda huquqshunoslik fanlaridan ham test topshiriqlari amaldagi DTS va o‘quv dasturlari asosida shakllantirilgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarida huquqshunoslik fanlaridan foydalaniladigan test varianti tafsiloti Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy saytida e’lon qilingan.
Shuningdek, abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar va o‘quv adabiyotlar ro‘yxati ham agentlik saytida joylashtirilgan bo‘lib, huquqshunoslik fanlari bo‘yicha test topshiriqlari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni inobatga olgan holda shakllantirilishi, qonun hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilganda qonunning asl manbaiga murojaat qilinishi bo‘yicha ham ma’lumotlar e’lon qilingan.
“2024/2025 o‘quv yili qabuli test sinovlarida foydalanilgan va abituriyentlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan test topshirig‘ida davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish yoki ota-onalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘ralgan. Shu kabi test topshiriqlarini shakllantirishdan maqsad aynan huquqshunoslik yo‘nalishini tanlash istagida bo‘lgan abituriyentlarning shu sohada umumiy o‘rta ta’lim maktabida va akademik litseylarda olgan bilimlarini sinash, qolaversa, bu bilimlarni kundalik hayotda duch keladigan misollar orqali qay darajada tatbiq qila olishlarini aniqlashdan iborat”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha shakllantiriladigan test topshiriqlari butun hujjat asosida emas, balki o‘quv dasturida keltirilgan qismidan tuziladi. Shunga ko‘ra, huquqshunoslik fanlaridan test topshiriqlarini shakllantirishda ham amaldagi DTS va o‘quv dasturlaridan chetga chiqish holatlari bo‘lmagan.
LiveBarchasi