Ommaviy mushtlashuv sabab qancha migrant Rossiyadan deport qilingani aytildi
Olam
−
28 avgust 2021
8944Yuzlab odamlar jiddiy qonunbuzarliklar, jumladan, yaqinda Moskvada qayd etilgan muhojirlar ishtirokidagi ommaviy janjallar ortidan Rossiyadan deportatsiya qilindi. Bu haqda Moskva shahri meri Sergey Sobyanin o‘z blogida ma’lum qildi.
“Bunaqasi ketmaydi. Bunday mehmonlardan xursand emasmiz. Shu bois, so‘nggi oylarda politsiya qattiq reydlar o‘tkazdi”, deya yozadi mer.
Uning qayd etishicha, kuch ishlatar tuzilmalar 800 ta jinoiy ish ochgan, 200 ga yaqin odamni mamlakatdan chiqarib yuborgan va yana 17,5 ming migrantga Rossiyaga kirishni taqiqlagan. Shu bilan birga, shahar meri kelajakda ham shunday munosabat bo‘lishini aytib, [Rossiyaga] mehmonga kelganlardan o‘zini yaxshi tutishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt politsiyasi Yangi Moskvaning Admiral Kornilov ko‘chasidagi yotoqxonada janjal uyushtirgan 20 dan ortiq muhojirlarni hibsga olgandi. Ularga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha protokol tuzilgan. Muhojirlar 12 kunga hibsga olingan. Ulardan besh nafari deportatsiya qilinadi.
Bundan tashqari, joriy yilning avgust oyi boshida Moskva yaqinidagi Odinsovo shahrining Sadovaya ko‘chasida muhojirlarning ommaviy mushtlashuvi sodir bo‘lgandi. Janjal joyiga yetib kelgan politsiya o‘n kishini hibsga olgan. TASS manbasining xabar berishicha, o‘shanda tayoq va pichoq bilan qurollangan kamida 20 nafar yangi kelgan migrantlar ishtirok etgan. Shu bilan birga, Rossiyaning Mitishi shahrida 40 nafar muhojir ishtirokida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Joriy yilning iyul oyida muhojirlar Moskvadagi “Kuzminki” metro bekatida ommaviy mushtlashuv uyushtirgan. Voqeadan keyin 100 dan ortiq odam hibsga olingan. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksining 20.2-moddasi 6.1-bandi (yig‘ilish, namoyish, yurish yoki piket o‘tkazish uchun belgilangan tartibni buzish) bilan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilgan. Hukumat ularning 46 nafarini mamlakatdan chiqarib yuborgan.
LiveBarchasi