“Omikron”ga qarshi qanday kurashish mumkin? Otabekov javob berdi

Salomatlik

image

Dunyoda koronavirusning yangi shtammi tarqala boshlagani O‘zbekiston fuqarolarida ham jiddiy xavotir uyg‘otyapti. Xususan, ko‘pchilik ushbu holat O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi, bunga qarshi ko‘riladigan choralar bilan qiziqmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov omikron shtammiga qarshi kurash choralari haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, viruslar  — oddiy, hujayrasiz organizmlar va ularda o‘zgaruvchanlik yuzaga kelishi tabiiy hol. Masalan, hozirgacha koronavirusning qo‘zg‘atuvchisi, ya’ni SARS-CoV-2 ning 7 mingdan ziyod mutatsiyaga uchragan shtammlari aniqlagan. “Omikron” ham shulardan biri.

“Biz yangi shtammning tarqalish o‘chog‘i bo‘lgan Janubiy Afrika davlatlari bilan bevosita aviatsiya aloqalari o‘rnatmagan bo‘lsak-da, ushbu kasallik ikkinchi va uchinchi mamlakatlar orqali O‘zbekiston hududiga kirib kelishi ehtimoli yo‘q emas”, deydi Otabekov.

U vaqti kelganda SARS-CoV-2 ning ushbu yangi shtammi uchun alohida protokol ishlab chiqilishini ham inkor etmagan. Shunga qaramay, Otabekov mavjud diagnostika, davolash va profilaktika imkoniyatlaridan samarali foydalanish bu virus turiga qarshi ham natija berishiga ishonch bildirgan. 

“O‘tgan davrda bizda COVID-19 ni davolash bo‘yicha katta tajriba to‘plandi. Bu haqli ravishda xalqaro miqyosda ham e’tirof etilyapti. Shu ma’noda, muolaja jarayonlarini belgilangan davolash standartlari asosida olib borsak, kasallik qanday intensivlikda tarqalmasin, asoratlarsiz tuzalib ketishiga zamin yaratish mumkin.

Karantin bilan bog‘liq profilaktik choralar bekor bo‘lgani yo‘q. Ammo odamlarimiz tibbiy niqob taqish, ijtimioy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish  kabi oddiy qoidalarga ham yetarlicha amal qilmay qo‘ygani achinarli holat.

Yangi shtammning yurtimizga kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olishda shunday profilaktik chora-tadbirlar juda muhim hisoblanadi”, deydi Nurmat Otabekov.

Mutaxassis yangi shtammga qarshi turish haqida gapirib, eng asosiysi, jamoaviy immunitetni shakllantirish ekanini, ommaviy emlanish ko‘rsatkichlarini oshirish orqali ham epidemiologik vaziyatni barqaror saqlab turishga imkon berishini ta’kidladi.

“Vaksinalar SARS-CoV-2 ning har qanday mutatsiyaga uchragan shtammida samara beradi. Hatto yangi shtammni yuqtirib olgan holatda ham barcha dozada emlanganlarda kasallik yengil va jiddiy asoratlarsiz o‘tadi.

Qolaversa, mamlakatimizda ayni paytda aholiga ixtiyoriy ravishda buster-doza bilan emlanishlari uchun imkoniyatlar yaratib berilgan”, deydi Otabekov.

Shu o‘rinda u koronavirusning turli shtammlari har safar xorijdan qaytgan fuqarolar orqali kirib kelganini hisobga olib, ayni kunlarda kasallik tarqalayotgan mamlakatlarga zarurat bo‘lmasa, vaqtincha bormaslikni tavsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda mamlakatda aholini emlashda jami 6 turdagi — AstraZeneca, ZF-UZ-VAC2001, “Sputnik V”, Moderna, Pfizer/BioNTech hamda Sinovac vaksinalaridan foydalanilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

omikron

Baholaganlar

355

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing