Olmaotada Xitoy va Markaziy Osiyo TIV rahbarlari uchrashdi

Olam

image

Bugun, 26 aprel kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida Tashqi ishlar vazirlarining VI uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Telegram sahifasida ma’lum qildi.

Uchrashuvda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I, Qirg‘iziston TIV rahbari Jeenbek Kulubayev, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu hamda Tojikiston va Turkmaniston TIV yetakchilari ishtirok etgan.

“Hamkasblarimiz bilan birgalikda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, savdo va o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, umumiy chaqiriqlarga birgalikda yechim topish masalalarida samarali va samimiy muhokamalar o‘tkazdik”, deya yozgan vazir.

Saidovning yozishicha, O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari va Xitoy bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va mintaqada barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishga sodiq qoladi.

“Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslar barcha uchun umumiy farovonlik yo‘lida xizmat qilishiga qat’iy ishonamiz. Barcha qatnashchilarga konstruktiv ishtiroklari uchun minnatdorlik bildiramiz va kelgusida ham hamkorligimizni davom ettiramiz”, deydi TIV rahbari.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, tomonlar mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya, infratuzilma loyihalari, transport-kommunikatsiya tarmoqlari, ekologiya va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan..

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 aprel kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi Tashqi ishlar vazirlarining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Turkmaniston Olmaota Van I Murat Nurtleu Jeenbek Kulubaev TIV rahbarlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing