Oliygoh talabalari referendumda ovoz berishga majburlandimi? Vazirlik izoh berdi
Jamiyat
−
30 aprel 2023
6961Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim muassasalari xodimlari talabalarni ularning erkiga zid ravishda referendumda qatnashishga chorlayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Fuqarolarni referendumda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga, shuningdek, xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.
“Barcha oliy ta’lim muassasalari rahbariyati va mas’ul xodimlari qonunchiligimizdagi ushbu talablardan xabardor etilgan va tizimda mazkur talablarga rioya etilishi vazirlikning alohida nazoratidadir. Vazirlik talabalarning referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkin bo‘lishini ta’minlash borasida qat’iy pozitsiyaga ega”, deyiladi xabarda.
Vazirlik tomonidan talabalarning bu boradagi huquqlari buzilayotgan bo‘lsa, +998712071762 raqamiga yoki huquqni muhofaza qilish tegishli organlariga xabar berishi so‘ralgan.
“Sizning huquqlaringiz qonunga muvofiq himoya qilinadi va aybdorlarga tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi”, deyilgan vazirlik xabarida.
LiveBarchasi