Oliy sudning katta konsultanti pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
06 dekabr 2023
9770O‘zbekistondagi sud tizimida faoliyat yurituvchi ayrim xodimlar pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati katta konsultanti fuqarodan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, u muqaddam sudlangan 2 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida kassatsiya tartibida ko‘rilayotgan jinoyat ishini Farg‘ona viloyat sudiga o‘tkazgan holda, ularning oqlanishiga yordam berishni va’da qilgan.
Yana bir holatda esa Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining sudya katta yordamchisi mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, uning appelyatsiya bosqichida ko‘rilayotgan da’vo arizalarini sudyalar orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 6 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, sudya katta yordamchisi muqaddam tadbirkorning Termiz tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilib, 600 AQSH dollari olganligi ham ma’lum bo‘lgan.
“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Andijonda tuman prokuror o‘rinbosari va yordamchisi, Samarqandda esa prokuror yordamchisi pora olayotganda qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi