Oliy Majlis qonunni imi-jimida Senatga yubordi. Mahalliy tadbirkorlar sho‘riga sho‘rva to‘kilishi mumkin
Jamiyat
−
16 Oktabr 2020
29968Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasi muhokama qilinayotgani, agar ushbu qonun loyihasi mukammal ishlab chiqilmasa, mamlakatdagi ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchilar kasodga uchrashi va bozorni importga bo‘shatib berishi haqida xabar bergan edik.
Qonun bilan O‘zbekiston ayrim mahsulotlar importida QQSni bekor qilmoqchi
Kodeksga kiritilishi rejalashtirilayotgan yangi o‘zgartirishga ko‘ra, joriy yilning 15 oktyabridan 2021 yilning 1 iyuligacha O‘zbekiston Respublikasiga kartoshka, o‘simlik yog‘i, go‘sht (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, tovuq go‘shti va boshqalar), hayvonlarni (qoramol va parranda) tirik holda va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek ularni realizatsiya qilish aylanmalari ham QQSdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Kodeksga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar joriy yilning 15 oktyabridan boshlab 2021 yilning 1 yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasiga shakar va shakar homashyosini olib kirish, shuningdek, uni realizatsiya qilish aylanmalari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishini ham nazarda tutadi.
Mazkur qonun loyihasi deputatlar K.Ernazarov, M.Qurbonboyev va A.Umirov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda deputatlarda tomonidan qabul qilinib, tasdiqlash uchun Oliy Majlis Senatiga yuborilgan. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
Qonunda faqat tayyor import mahsulotlariga imtiyoz berilib, ular QQSdan ozod etilmoqda. Ammo, mahalliy ishlab chiqaruvchilar olib keladigan xomashyolarga QQS saqlanib qolmoqda. Bu esa import mahsulotning narxi mahalliy ishlab chiqaruvchinikidan past bo‘lishiga, mahalliy zavodlar bankrotlikka yuz tutishiga va minglab ishchi kuchidan voz kechishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Aytaylik, import o‘simlik yog‘i uchun QQS olib tashlanyapti. Biroq, mahalliy o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchilar xomashyo – kungaboqarni xorijdan xarid qiladi. Birgina Rossiyada kungaboqar xomashyosiga 6,5 foiz bojxona solig‘i o‘rnatilgani yetmagandek, O‘zbekistonda 15 foiz QQS mavjud. Bu esa mahalliy zavodlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bir necha baravar oshishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, xomashyo importiga QQSning saqlanib qolishi, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, tovuq go‘shti va tuxumning narxi oshishiga ham sabab bo‘ladi va bo‘lmoqda.
Rossiya ayni vaqtda 2021 yilning 1 yanvaridan kungaboqar eksportini to‘liq to‘xtatish yoki bojxona to‘lovini 20 foizga oshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Albatta, ular ham ichki tadbirkorning foydasi ko‘zlamoqda. O‘zbekiston kabi ko‘plab mamlakatlar bojxona va soliqlar bo‘yicha import mahsulotga imtiyoz berib turgan bir paytda, xomashyoni o‘zida olib qolish va ishlab chiqarishni kengaytirib, tayyor mahsulotni sotishni istaydi. Xo‘sh, mahalliy tadbirkorni kim o‘ylaydi?
LiveBarchasi