Oliy ma’lumotli hamshira va tibbiyot og‘alariga ustama to‘lanadi
Jamiyat
−
11:09 531 1 daqiqa
O‘zbekistonda oliy ma’lumotli hamshira va tibbiyot og‘alariga ustama to‘lanadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziriligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat tibbiyot universiteti tarkibidagi Hamshiralar akademiyasi negizida dunyoning Top (1-o‘rin) hamshiralik maktabiga ega bo‘lgan Pensilvaniya universiteti (AQSH) bilan hamkorlikda Ilg‘or tibbiy hamrohlik maktabi tashkil etiladi.
“Oliy hamshiralik ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi “Oliy tibbiy hamrohlik ishi” yo‘nalishiga o‘zgartirilib, bitiruvchi ayollarga “hamshira”, erkaklarga esa “tibbiyot og‘asi” kvalifikatsiyasi beriladi.
Bakalavriatga qabul har yili kamida 20 foizga oshirib boriladi, ta’lim esa yetakchi xorijiy OTMlari bilan qo‘shma dasturlar asosida, ularning o‘quv dasturlarining kamida 70 foizini o‘zlashtirgan holda tashkil etiladi.
Bakalavriatni tamomlagan hamshira va tibbiyot og‘alariga har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari, magistraturani tamomlaganlarga esa 2 baravari miqdorida ustama to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohlarida 2027/2028 o‘quv yilidan “Davolash ishi” yo‘nalishi o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinayotgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zbekistonda barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Live
Barchasi