Ijtimoiy himoya agentligi xodimlariga 300 foiz ustama beriladimi?
Jamiyat
−
14:14 1143 2 daqiqa
Tarmoqlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlariga 300 foizgacha ustama va 13,6 million so‘mgacha mukofot berilishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 17 sentyabrdagi 493-son qarori asosida agentlik xodimlariga 300 foizgacha ustama va 13,6 million so‘mgacha mukofot berilishi haqida xabarlar tarqaldi.
Agentlikning bildirishicha, xabarlarda qaror mazmunining to‘liq aks ettirilmagani jamoatchilikda noto‘g‘ri tushuncha yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Mazkur qaror bilan agentlik tizimidagi tibbiy-ijtimoiy va ta’lim muassasalarida byudjetdan tashqari mablag‘larni shakllantirish hamda ulardan samarali foydalanish tartibi belgilangan.
Qarorga muvofiq, har yili muassasalarning pullik xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish faoliyati bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari belgilanadi. Ushbu ko‘rsatkichlarni bajarishga hissa qo‘shgan xodimlarni rag‘batlantirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun muassasalarda mehnat terapiyasini yo‘lga qo‘yish, ularning kasbiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida xizmat ko‘rsatish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish belgilangan.
Bildirilishicha, mazkur faoliyat natijasida shakllangan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar hamda ushbu jarayonga hissa qo‘shgan xodimlarni rag‘batlantirish mumkin.
Shu bilan birga, qarorda nazarda tutilgan 300 foizgacha, 5 baravarigacha yoki 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorlar rag‘batlantirishning eng yuqori chegaralarini anglatadi. Ya’ni barcha xodimlarga bir xil yoki majburiy tarzda 300 foiz ustama to‘lanmaydi.
Rag‘batlantirish miqdori muassasada shakllangan byudjetdan tashqari mablag‘lar, xodimning ushbu jarayonga qo‘shgan hissasi hamda belgilangan tartib asosida belgilanadi. Shuningdek, Davlat byudjeti hisobidan xodimlarning lavozim maoshiga majburiy ravishda 300 foiz qo‘shimcha to‘lov joriy etilmaydi.
Muassasada tegishli byudjetdan tashqari mablag‘lar shakllanmagan bo‘lsa, ushbu mablag‘lar hisobidan rag‘batlantirish ham amalga oshirilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda oliy ma’lumotli hamshira va tibbiyot og‘alariga ustama to‘lanishi haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiPutin To‘qayev bilan ham telefonlashdi
21 sentabr
Qashqadaryoda 2300 yillik ossuariy topildi
21 sentabr