Oling quda, bering quda: futbol yulduzlari jamoasini o‘zgartiradimi?

Sport

image
2020 yilda qaysi futbol yulduzlari faoliyatini yakunladi? north_east

2020 yilda qaysi futbol yulduzlari faoliyatini yakunladi?

Yevropaning top 5 chempionatlarida joriy yilning yanvaridan qishki transfer bozorlari rasman ochildi. Allaqachon, bir qator nomdor jamoalar skautlar yordamida  o‘z saflariga bir necha yosh va iqtidorli o‘yinchilarni qo‘shib olishga ham ulgurdi. Biroq, asosiy e’tibor Messi, Ronaldo va Ibragimovich kabi yulduzlarga qaratilgan. Og‘ir o‘tgan 2020 yilda ular o‘z jamoalarini tark etishi haqida yetarlicha mish-mishlar tarqaldi. Mana endi bozor ochiq. Ho‘sh kim qayerga va qachon yo‘l oladi? Yulduzga aylanib ulgurgan Mbappe hamda Xoland kabi yoshlarchi? Top klublarning nishonida turgan o‘yinchilar o‘z kelajagini kearda ko‘rmoqda? 

Messi: “Barselona”, MLS yoki Yevropaning boshqa grand klubi?

O‘tgan yilning avgust oyi oxirida Messining “Barselona”dan ketishiga bir qadam qolgan edi. Buni “Barselona” muhlislari yaxshi eslaydi. Garchand Leo “ko‘k-anor ranglilar” libosida maydonga tushishda davom etayotgan bo‘lsa ham, uning klubdan ketish xavfi yuqori. Messining o‘zi ketishi to‘g‘risidagi xabarlarga quyidagicha izoh bergan edi:

“Juda og‘ir mavsum o‘tkazdik. Mashg‘ulotlarda ham, kiyim almashtirish xonasida ham muammolar ko‘p bo‘ldi. Men har doim kareramni shu yerda yakunlashni xohlaganman, ammo keyin jamoaga yangi qon kerakligini tushunib yetdim. Va o‘zim uchun yangi maqsadlarni izlashga qaror qildim. Klubdan ketish qarorini “Bavariya”ga mag‘lub bo‘lganimizdan keyin qabul qilmaganman. Men prezidentga ancha oldin ketishim haqida aytgan edim. U har doim mavsum oxirida ketishim yoki qolishimni o‘zim tanlashim mumkinligini aytardi. Ammo u so‘zida turmadi. Ketishga qaror qilish juda og‘ir edi. Ammo klubda anchadan beri hech qanday loyiha mavjud emas. Mayda teshiklarni yopib, turli xil hiyla-nayranglar bilan g‘olib klubni qurib bo‘lmaydi”.

Leoning “Barselona” bilan shartnomasi 2021 yil 30 iyuniga qadar amal qiladi. Futbolchi va klub o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqealar shartnoma muddati uzaymasligidan ishora qilmoqda. Biroq Messining o‘tgan yili dekabr oyida “Barcyelona”dagi kelajagi to‘g‘risidagi nutqidan klubga nisbatan mehri borligini sezish mumkin.

“Men biron bir klub bilan muzokara olib bormayapman. Mavsum oxirigacha hech narsa aniq emas. Ko‘ramiz, qani nima bo‘lar ekan. Lekin, men aniq “Real Madrid” yoki “Atletiko Madrid”ga o‘tmayman, buning iloji ham yo‘q. “Barselona”ni tark etamanmi yoki yo‘q, bu haqda mavsum oxirida gaplashamiz. Ammo, faoliyatimni yakunlaganimdan keyin ham klubda qolaman degan umiddaman”,  degan edi argentinalik forvard.

Messi Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishni xohlaydi va buni yashirmayapti. Hozir unga “Barselona” bilan ushbu turnirda g‘olib chiqish qiyin. Shuning uchun Messining transferi amalga oshgan taqdirda ham,  faqat grand klubga qo‘shiladi. Leoda yana bir orzu bor – MLSda o‘ynash. “Goal” nashriga ko‘ra, u sobiq jamoadoshi Luis Suares bilan birga Bekxemning “Inter Mayami” klubiga o‘tishi ham mumkin. Biroq, buning uchun 2022 yilning yozini kutishga to‘g‘ri keladi.

Kelgusi mavsumlarda Pogba qayerda to‘p suradi?

O‘tgan yilning 8 dekabr kuni Italiyaning “Tuttosport” nashrida  Pol Pogbaning agenti Mino Rayola bilan intervyu e’lon qilingandi.

“Pogba va “Manchester Yunayted” o‘rtasida hech narsa qolmadi, deb ayta olaman. Pol klubdagi vaziyatdan norozi, chunki u o‘zidan kutilgan o‘yinni to‘liq ko‘rsata olmayapti. Unga yangi jamoa kerak. Uning shartnomasi yana 18 oy davomida amal qiladi – kelishuv 2022 yilning yozida tugaydi. 

Menimcha, biz uchun ham, MYU uchun ham eng yaxshi qaror – trasferlar oynasi ochiqligi paytida yangi kelishuvni amalga oshirish. Agar bu amalga oshmasa, klub uni tekinga qo‘yib yuborib, yaxshigina summadan ayrilishi mumkin, chunki Pogba shartnomani uzaytirmoqchi emas. Agar kimdir buni anglamayotgan bo‘lsa, demak u futbol qanday ishlashini tushunmaydi”, degan edi futbolchining agenti.

Jurnalist Kristian Folkga ko‘ra, “Manchester Yunayted” bilan Pol o‘rtasidagi vazyait jiddiy. Agar Rayola mijozi Pogba uchun yangi klub topmasa, futbolchi agenti bilan shartnomani to‘xtatadi.

Rayola allaqachon “Manchester Yunayted” rahbariyatini futbolchi erkin agent sifatida bepulga boshqa klubga o‘tmagunga qadar, uni sotishga chaqirgan.

O‘tgan yil davomida Pogbaning narxi, “Transfermarkt” ma’lumotlariga ko‘ra, 100 million yevrodan 65 million yevrogacha tushdi.

“Milan” Ibragimovich bilan shartnomani uzaytiradimi?

Navbat Rayolaning boshqa bir mijozi Ibragimovichga. O‘tgan yilning 27 dekabr kuni “Milan” Bosh direktori Ivan Gazidis futbolchi bilan shartnomani uzaytirilishi haqida fikrlarini bildirgan edi. 

“Biz shartnomani uzaytirish masalasini hali muhokama qilganimiz yo‘q. Bu nafaqat klubning, balki Ibraning ham qarori bo‘ladi. U o‘ziga xos shaxs, irodali va o‘ta aqlli. Biz uni 2019 yilning yanvaridayoq safimizga qo‘shib olmoqchi bo‘lgandik. Lekin, o‘shanda Ibra hali “Los-Anjeles Gelaksi”da yakunlanmagan ishlari borligini aytib, taklifimizni rad qilgan edi. U har doim barchani yuqori darajada ishlashga chaqiradi. Va bu bilan nafaqat futbolchilarni, balki butun jamoani oldinga undaydi”, degan edi klub Bosh direktori.

Ibragimovich Milanga 2020 yilning yanvarida “Los-Anjeles Gelakisi”dan qo‘shildi. O‘shandan beri Zlatan 30 ta o‘yin o‘tkazdi va 22 ta gol urdi. Ibra sermahsul o‘yinchi. 39 yoshida u Italiya chempionatining oltita uchrashuvida 10 ta gol urgan. To‘g‘ri, jarohatlar shvedni bir qator muhim o‘yinlarni o‘tkazib yuborishga majbur qilmoqda. Hususan, o‘tgan yilning noyabr oyida “Napoli”ga qarshi o‘yinda Zlatan takroriy jarohat oldi. Endi u faqat joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida maydonga qaytishi mumkin. Bu vaqt ichida “Milan” hujumchisi 11 ta o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Italiya klubi allaqachon, Lorenteni Ibragimovich o‘rniga taklif qilish haqida o‘ylamoqda.

Ibragimovichning agenti Rayolaning fikriga ko‘ra esa, futbolchi kamida yana besh yil davomida eng yuqori darajada o‘ynay oladi. 

“Zlatanning yoshida allaqachon charchoqni his qilgan ko‘plab futbolchilarni ko‘rdim. Ammo Zlatan boshqacha. Menimcha, u yana besh yil bemalol o‘ynay oladi. Uni MLSga olib ketganimdan afsusdaman. Biz vaqtni bekorga sarfladik. Fikrimcha, “Ibra” kelajakda muhim rol o‘ynaydi. Balki, u futbolni o‘zgartirish uchun UEFA prezidenti ham bo‘lar”, deydi futbolchining agenti Rayola.

Ronaldu “Yuventus”dan ketadimi?

Krishtianu Ronalduning “Yuventus”dan ketishi haqidagi mish-mishlar ancha bosilib qoldi. Biroq, yaqin vaqtgacha Turin klubi koronavirus pandemiyasi sharoitida xarajatlarni kamaytirishning turli xil variantlarini ko‘rib chiqdi. Va ulardan eng ko‘zga ko‘rinib turgani jamoaning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisi Krishtianu Ronalduning (yiliga 31 million yevro) sotilishi edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yozida “Yuventus” 2018 yilda “Krish” uchun sarflangan 100 million yevroning  bir qismini ishlab olishga harakat qiladi.

Ronaldu MLSga xayrixohligini yashirmaydi, ammo “Yuventus" forvardi hamon yuqori saviyadagi o‘yinlarda to‘p surishni istaydi. So‘nggi mish-mishlar orasida Ronaldu PSJ va MYU kabi jamoalarga o‘tishi mumkinligi quloqqa chalingan edi. “France Football” nashriga ko‘ra, Roni Parij klubiga o‘tish istagi haqida gapirgan. Ronalduda Neymar va Mbappe bilan o‘ynash niyati yo‘q emas. Krishtianu braziliyalik Neymar bilan iliq munosabatda, fransiyalik esa unga xavas qiladi. Yaxshi munosabatlardan tashqari, Ronaldu unga 2016 yilda Yevropa chempionligini taqdim qilgan Parij shahrida yashash va o‘ynashni orzu qiladi.

Mbappe, Parijda qolasizmi yoki Madridga ketasizmi?

Fransiyalikning “qaymoqranglilar” lageriga ketishi mumkinligi haqidagi suhbatlar anchadan beri davom etib kelmoqda. Agar ilgari bu transferning ehtimoli yuqori bo‘lgan bo‘lsa, endi Mbappeni “Real” formasida ko‘rish ehtimoli past. Hammasiga Tuxel sababchi. Uning iste’fosi ko‘p narsaga ta’sir qildi. Ispaniyaning AS nashriga ko‘ra, futbolchining nemis mutaxassisi bilan munosabati salbiy bo‘lgan, ammo uning iste’fosi va klubga Maurisio Pochettinoning bosh murabbay sifatida taklif qilinishi o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Endi Mbappeni bor kuchi bilan ushlab turishga urinayotgan PSJda u bilan shartnomani uzaytirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Klub Mbappega yaxshilangan shartnoma taklif qilish uchun Paredes va Draksler bilan xayrlashishga ham tayyor. Mbappedan tashqari PSJning yana bir yulduz-hujumchisi Neymar bilan shartnoma bir yarim yildan so‘ng tugaydi. Braziliyalik futbolchi, o‘z navbatida, Ramos PSJga o‘tadigan bo‘lsa, Mbappe bilan birgalikda shartnomani uzaytirishi haqida e’lon qilgan.

Xolandning kelajagi qayerda?

Erling Xoland “Borussiya”ga o‘tganidan keyin ko‘rsatkichlari yanada o‘sdi. “Asalarilar” forvardi ushbu mavsumda 13 uchrashuvda 16 ta gol urdi. Shu bilan norvegiyalik gol urishda va top-klublarning e’tiborini jalb qilishda davom etmoqda. “Red Bull Zalsburg” klubi sport Direktori Kristofa Froyndaning so‘zlariga ko‘ra, Xolandning kelajagi “Liverpul”da bo‘ladi. Biroq, uni o‘z tarkibida ko‘rishni istayotgan klublar orasidi “mersisaydliklar” yo‘q, ammo “Manchester Siti”, “Chelsi”, “Manchester Yunayted” va “Real Madrid” kabi grandar mavjud. “Siti” hujumchini Serxio Agueroga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda, “Yunayted” Xolandni sotib olishga jiddiy kirishmoqda. “Qaymoqranglilar” 2022 yilda transferni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, “Chelsi” uni yozdayoq sotib olishga tayyor.

Futbolchi ayni vaqtda o‘zini “Borussiya”da yaxshi his qilmoqda va klubini o‘zgartirishga shoshilmayapti. Norvegiyalik Germaniyada bir nechta sovrinlarni yutmoqchiga o‘xshaydi.

Diyego Kosta o‘ziga klub izlamoqda

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Kosta “Atletiko Madrid” bilan 2021 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan shartnomani bekor qildi. Ushbu hujumchi shaxsiy hayotidagi sabablarga ko‘ra, klubdan ketishini ma’lum qilgan. Diyego ushbu mavsumda yetti o‘yin o‘tkazib, ikkita gol urdi. 

So‘nggi paytlarda, Kosta futbol o‘ynashga qaraganda ko‘proq muolaja olmoqda. Bundan tashqari, u Suaresga raqobatni boy berib qo‘ydi. Uning navbatdagi klubi “Yuventus” bo‘lishi mumkin. Turinliklar Diyego Kosta, Memfis Depay va Divok Origi o‘rtasida tanlov o‘tkazmoqda. Ular barqaror o‘yin ko‘rsata olmayotgan Alvaro Morataga o‘rinbosar qidiryapti. Diyegoga “Atletiko Madrid”da Suares xalaqit qilgan bo‘lsa, “Yuventus”ga kelish yo‘lini, endilikda, Eldor to‘sib qo‘yishi mumkin.  So‘nggi xabarlarga ko‘ra, “Yuventus” o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodovga ham qiziqib qolgan va uni aynan Morataga o‘rinbosar sifadi ko‘rmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

transfer Messi Ronaldo

Baholaganlar

106

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing