Olimpiadaning to‘rtinchi kuni o‘zbekistonlik sportchilar qanday natija qayd etdi?
Sport
−
27 iyul 2021
11506Bugun, 27 iyul Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining to‘rtinchi kunida besh nafar o‘zbekistonlik sportchi bahslarda ishtirok etdi.
Dzyudo: O‘zbekistonlik olimpiyachilarning bugungi ishtirokini dzyudochi Farangiz Hojiyeva boshlab berdi.
-63 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Hojiyeva dastlabki bahsni Kabo-Verde vakilasi Sandrin Billetga qarshi o‘tkazib, og‘riqli usulga tushib qoldi va medallar uchun kurashni ancha erta tark etdi.
Taekvondo: Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari doirasida O‘zbekiston taekvondo terma jamoasining so‘nggi a’zosi +67 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan Svetlana Osipova ham ilk bosqichdayoq mag‘lubiyatga uchradi.
Osipova dastlabki bellashuvni qozog‘istonlik Janzel Denizga qarshi o‘tkazdi. Murosasiz kechgan bahs 9:9 hisobida yakunlanayotgan bir paytda, so‘nggi soniyada o‘tkazib yuborilgan qo‘l zarbasi o‘zbekistonlik taekvondochini mag‘lub qildi.
Boks: Shundan so‘ng, boks bo‘yicha -69 kg vazn toifasida Tokio Olimpiadasida ishtirok etayotgan Bobousmon Boturov O‘zbekiston delegatsiyasining bugungi kun dasturidagi ilk g‘alabasini taqdim qildi. Ikki karra Osiyo chempioni — Boturov dastlabki bahsda dominikanlik Polando Roxanga qarshi ringga ko‘tarildi va raqibini 4:0 hisobida mag‘lub etdi.
Chorak finalga chiqqan jizzaxlik Boturov Yevropa chempioni va Jahon chempionati finalchisi hisoblangan britaniyalik Pet Makkormakka qarshi jang olib boradi.
Dzyudo bo‘yicha -81 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini Olimpiya o‘yinlarida himoya qilayotgan Sharofiddin Boltaboyev bronza medali uchun o‘tish bahsida gruziyalik Tato Grigalashviliga qarshi tatamiga chiqdi va mag‘lubiyatga uchradi. “Vazari” bahosi bellashuv taqdirini hal etdi, Boltaboyev esa musobaqadagi ishtirokini yakunladi.
Bunga qadar, chorak finalda o‘zbekistonlik sportchi Shamil Borchashviliga qarshi “oltin ochko” uchun kechgan bahsda ham “vazari” evaziga imkoniyatni boy bergan edi.
Suv sporti: O‘zbekistonlik suzuvchi Xurshidjon Tursunov esa, 100 metrga erkin usulda suzishda 50.14 soniya natija bilan 4-o‘rinni egalladi. Umumiy reytingda esa, 41-pog‘onani band etdi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi “natija”lardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi medallar jamg‘arish bo‘yicha 23-pog‘onaga tushib ketdi. Bungacha ular 21-pog‘onada borayotgandi.
LiveBarchasi