Olimpiada sovrindori 3 yilga qamaldi

Sport

image

Bugun, 15 dekabr kuni Qozog‘istonning Pavlodar shahrida sud mashhur qozog‘istonlik erkin kurashchi, Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sovrindori Daulet Shabanbayga hukm chiqardi. Bu haqda “Tengrinew.kz” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, sud sportchini hokimiyat vakillariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llashda aybdor deb topgan. Unga o‘rtacha xavfsizlikdagi koloniyada o‘tash sharti bilan uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sentyabr oyida Milliy gvardiyaning uch nafar harbiy xizmatchisidan iborat patrul kechki payt sportchini kafe yaqinida to‘xtatgan. Bunga erkak kishining mast holatda bo‘lib, shovqin ko‘targani va tajovuzkorona harakat qilgani haqidagi shikoyat sabab bo‘lgan.

Suhbat chog‘ida Shabanbay patrul xodimlarini haqorat qila boshlagan, so‘ngra kuch ishlatgan. U ulardan birini itarib yuborgan, patrul boshlig‘ini tepgan va yana ikki nafar xodimni urgan. Shundan so‘ng u qo‘lga olingan.

Ma’lumot uchun, erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi Daulet Shabanbay sportchilik faoliyatini besh yil avval yakunlagan. Uning eng yirik yutuqlaridan biri – 2012 yil London Olimpiya o‘yinlarining bronza medali bo‘lib, unga ushbu mukofot 2022 yilda nasib etgan. Bunga musobaqada sovrin olgan ikki nafar sportchining doping sabab diskvalifikatsiya qilinishi sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentina politsiyasi mamlakatda 550 million dollarlik firibgarlik va korrupsiya bo‘yicha davom etayotgan tergov doirasida milliy futbol federatsiyasi va 35 ta klub ofislarida reyd o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Pavlodar Daulet Shabanbay

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing