Olimpiada medallari uchun sportchilarga beriladigan mukofot pulining miqdori e’lon qilindi (foto+video)
Sport
−
03 iyul
13297Kecha, 2 iyul kuni Toshkent shahridagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston delegatsiyasini Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, mamlakat velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament rahbari Odil Abdurahmonov, Davlat Xavfsizlik xizmati raisi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Adham Ikramov boshchiligidagi Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbarlari, sportchi hamda murabbiylar, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida senat raisi Tanzilla Norboyeva va Bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, to‘rt yillikning eng yirik sport tadbirida O‘zbekiston vakillariga omad tiladi.
Abdulla Aripov Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga davlat tomonidan beriladigan mukofot pullari haqida ham aytib o‘tdi.
Unga ko‘ra, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarining oltin medal sohiblariga 200 ming, kumush medal egalariga 100 ming, bronza medal sovrindorlariga esa 50 ming AQSH dollar pul mukofoti taqdim etiladi. Sportchilarni murabbiylariga esa mos ravishda 50, 25, 12,5 ming AQSH dollari beriladi.
Shuningdek, tadbirda Olimpiada o‘yinlarida qaysi sportchi O‘zbekiston bayroqdori bo‘lishiga ham oydinlik kiritildi. Bunday sharafli vazifa boks bo‘yicha jahon chempioni Abdumalik Xalakov va qilichbozlik bo‘yicha jahon chempioni Zaynab Dayibekovaga ishonib topshirildi.
Tadbir yakunida hukumat vakillari va sport federatsiyalari rahbarlari Olimpiadada O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan atletlar bilan esdalikka fotosuratga tushdi. Endi birin-ketin O‘zbekiston sport terma jamoalari Parij shahriga jo‘nab ketadi. Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi 26 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Bahslar 12 avgustga qadar davom etadi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr