Olimlar Yer aholisini 2 baravar qisqartirishni taklif qildi
Bu qiziq
−
16:59 6570 3 daqiqa
Sayyora resurslarini qutqarish uchun Yer aholisi sonini to‘rt milliard kishigacha kamaytirish kerak. Bu haqda mutaxassislar tadqiqotiga tayanib, “Daily Mail” xabar berdi.
“Bu yovuz g‘arazgo‘yning shumlik rejasiday tuyulishi mumkin, ammo endi olimlar sayyorani qutqarish uchun Yer aholisini ikki baravarga kamaytirishimiz kerakligini ta’kidlashmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, oxirgi yuz yil ichida odamlar soni 8,3 milliardgacha o‘sgan. Joriy tendensiya saqlanib qolsa, ushbu asrning oxiriga borib 11,4 milliard kishilik chegaraga yetishi mumkin, bu esa halokatli oqibatlarga olib keladi.
Maqolada aytilishicha, oxirgi ellik yil ichida karbonat angidrid chiqindilari ikki baravarga ortgan, dunyoning biologik xilma-xilligi yarmidan ko‘proqqa qisqargan, energiya iste’moli uch baravarga va foydali qazilmalarni qazib olish hamda pestitsidlarni qo‘llash to‘rt baravardan ziyodga oshgan.
“Agar keyingi ikki yuz yil davomida dunyo aholisi sonini kamaytirishning uddasidan chiqilsa, bu insoniyatning atrof-muhitga bo‘lgan bosimini kamaytirishga va barcha uchun yetarli miqdorda resurs yetkazib berishni ta’minlashga yordam berar edi”, deyiladi materialda.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar ushbu maqsadga majburlash yoki kuch ishlatishsiz erishish mumkinligini ta’kidlamoqda: ayollarga qancha farzand ko‘rishni xohlashlarini tanlash huquqini berish tug‘ilish darajasini aholining qayta ko‘payish darajasiga yaqin yoki undan pastroq ko‘rsatkichgacha pasayishiga olib keladi.
Ma’lumot uchun, dunyoda aholi soni 8,3 milliarddan ortiq bo‘lib, ularning asosiy qismi Osiyo va Afrika qit’alarida istiqomat qiladi. Tarixga nazar tashlansa, dunyo aholisi 1800 yilga kelibgina ilk bor 1 milliard kishilik chegaradan o‘tgan bo‘lsa, keyingi ikki asr davomida tibbiyot rivojlanishi, gigiyena sharoitlarining yaxshilanishi va turmush darajasining oshishi ortidan misli ko‘rilmagan darajada tez o‘sdi. Bugungi kunda sayyoradagi eng ko‘p aholiga ega mamlakatlar sifatida Hindiston (1,44 milliardga yaqin) va Xitoy (1,41 milliardga yaqin) e’tirof etiladi. Ulardan keyingi o‘rinlarni mos ravishda AQSH, Indoneziya va Pokiston egallab turibdi.
Dunyoning turli mintaqalarida demografik jarayonlar bir xil kechmayapti. Osiyo qit’asida Yer yuzi aholisining qariyb 60 foizi to‘plangan bo‘lsa, Afrika mintaqasi tug‘ilish va o‘sish sur’atlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tahlillariga ko‘ra, yaqin o‘n yilliklarda sayyoradagi aholi o‘sishining asosiy manbai aynan Afrika mamlakatlari bo‘ladi. Aksincha, Yevropa va Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlarida (masalan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Italiya) tug‘ilishning keskin pasayishi, aholining qarishi va demografik inqiroz kuzatilmoqda. BMT prognozlariga ko‘ra, dunyo aholisining global o‘sishi 2080-yillarga borib taxminan 10,3 milliard kishi atrofida o‘z cho‘qqisiga yetadi va shundan so‘ng o‘sishdan to‘xtab, sekin-asta barqarorlasha boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerdan taxminan 25 yorug‘lik yili uzoqlikda, Jiraf (Kamelopardalis) yulduz turkumida joylashgan GJ 3378b sayyorasi yerdan tashqaridagi hayot uchun eng istiqbolli nomzodlardan biri bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Yangi tadqiqotning ko‘rsatishicha, u o‘z yulduzining hayot zonasida (yashash uchun qulay hududda) joylashgan va unda suyuq suv mavjud bo‘lishi uchun potensial sharoitlar bor.
Live
Barchasi