Olimlar saratonning yangi turini aniqladi

Olam

image

Yaponiyalik olimlar o‘smirlar va yoshi kattalarda ko‘proq uchraydigan, oddiy tahlillar orqali aniqlanishi qiyin bo‘lgan yangi xavfli qon saratonining kichik turini aniqladi. Bu haqda tadqiqot rahbari Yaponiya Milliy onkologiya markazining saraton rivojlanishini o‘rganish bo‘limi boshlig‘i Kenichi Yoshida ma’lum qildi.

Gap T-hujayrali o‘tkir limfoblastik leykozning yangi kichik turi haqida bormoqda. Bu yetilmagan immun hujayralardan rivojlanadigan xavfli qon kasalligi hisoblanadi. Mingdan ortiq holat o‘rganilgan tadqiqot davomida ushbu yangi kichik tur 7 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 14 bemorda aniqlangan. O‘rtacha yosh taxminan 17 yoshni tashkil etgani kasallikning ko‘proq o‘smirlar va yoshi kattalarda uchrashini ko‘rsatadi.

Yoshidaning aytishicha, bu kasallik turi davolash natijalari yomon bo‘lgani sababli, juda yuqori xavf guruhiga kiritilgan.

“Ushbu kichik turga ega bemorlar prognozi noqulay bo‘lgani sababli ko‘plab qaytalanish va o‘lim holatlari kuzatilgan”, degan u.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bu kichik tur standart tekshiruvlarda ko‘pincha aniqlanmay qolishi mumkin. Sababi u kam uchraydigan xromosoma o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lib, bunda genlar faoliyatini boshqaruvchi DNK qismi boshqa joyga ko‘chadi va boshqa genlarni faollashtiradi. Natijada o‘smalar tez va agressiv holda o‘sadi.

“Bu kichik turni aniqlash mos davolash usullarini tanlash imkonini beradi. Jumladan, gematopoetik ildiz hujayralar transplantatsiyasi orqali sog‘ayish ehtimolini oshirish mumkin”, degan Yoshida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kasallik turini aniq aniqlashda zamonaviy genetik tahlil usullari muhim ahamiyatga ega.

“Yangi texnologiyalar, masalan, to‘liq genom sekvensiyalash asosidagi tadqiqotlar juda muhim bo‘ladi”, deya ta’kidlagan u.

Shu bilan birga, nima sababdan bu kichik tur aynan o‘smirlar va yoshi kattalarda ko‘proq uchrashi hozircha noma’lum.

“Sababi hozircha aniq emas, biroq biz buni ushbu kichik turning o‘ziga xos xususiyati deb hisoblaymiz”, degan tadqiqotchi.

Shuningdek, Yoshida olingan natijalar yangi davolash usullarini ishlab chiqishga yordam berishiga umid bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2050 yilga borib dunyoda ko‘krak bezi saratoni bilan bog‘liq yangi holatlar soni 3,5 millionga yetishi mumkinligi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

saraton Olim yangi tur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing