Olimlar xavotirda: Markaziy Osiyo muzliklarini yo‘qotmoqda
Olam
−
14:08 1155 1 daqiqa
Markaziy Osiyoda suv zaxiralari va muzlik massasi kamaymoqda. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) tadqiqotchilari ma’lum qildi.
Tadqiqotchilarlar oxirgi besh yildagi ko‘rsatkichlarni o‘rganib, ularni 1991-2020 yillardagi ma’lumotlar bilan solishtirgan. Ekspertlar baholashiga ko‘ra, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston suv omborlariga suv kelishi sezilarli darajada kamaygan.
Markaziy Osiyo daryo oqimi me’yordan past yoki ancha past bo‘lgan dunyo mintaqalari qatoriga kirdi. Amudaryo va Sirdaryo kabi asosiy daryo tizimlarini o‘z ichiga olgan Orol dengizi havzasidagi murakkab vaziyat alohida qayd etiladi.
Olimlarda muzliklarning ahvoli alohida tashvish uyg‘otmoqda. Markaziy Osiyoning tog‘ muzliklari to‘plaganidan ko‘ra ko‘proq muz yo‘qotmoqda. Mintaqa kuzatuvlar tarixidagi eng sezilarli yo‘qotishlar bo‘yicha kuchli uchlikka kirgan.
Qayd etilishicha, 2023-2025 yillarda dunyodagi muzliklarning umumiy yo‘qotishi taxminan 1 ming 400 gigatonna suvni tashkil etgan. Oxirgi besh yil ichida tog‘ muzliklari dengiz sathidan yuqorida joylashgan muz massasining 6,2 foizini yo‘qotgan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo daryo havzalari oqimining yarmidan ko‘pi qor va muz hisobidan shakllanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Grenlandiya va Antarktidada 1979 yildan buyon 12,5 trillion tonna muz erib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi