Oksana Chusovitinaning ekipirovkasi Xalqaro Olimpiya muzeyidan joy oldi
Sport
−
29 avgust 2022
4547Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi o‘zbek va jahon gimnastikasi afsonasi Oksana Chusovitinaning Tokio-2020 Olimpiadasida foydalangan ekipirovkasini Lozannadagi (Shveysariya) Olimpiya muzeyiga joyladi. Bu haqda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oksana Chusovitina sakkizinchi Olimpiadasidan so‘ng uni esdalik uchun muzeyga taqdim qilgan. Ushbu muzeydan zamonaviy Olimpiya o‘yinlariga oid eng qimmatli ma’lumot va eksponatlar joy olgan bo‘lib, u yerga 1 yilda taxminan 250 ming nafar inson tashrif buyuradi.
Eslatib o‘tamiz, 47 yoshli Oksana shu yilning 9 avgustidan 18 avgustigacha Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan Islom birdamligi o‘yinlarida ham shohsupaning eng yuqorisiga ko‘tarilgan edi.
Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina 1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016 va 2021 yillarda o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. Bu natijasi orqali Chusovitina tarixda eng ko‘p Olimpiadada qatnashgan sportchi sifatida “Ginnesning rekordlari” kitobiga kiritilgan. Bundan tashqari, u 1992 yili jamoaviy bahsda Olimpiya chempioni, uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan.