“Oxirigacha kurashamiz”. Deputat G‘aniyev "UZAUTOMOTORS”ga javob qaytardi

Jamiyat

image

E’tibor markazida yana “UZAUTOMOTORS” AJ. Joriy yilning mart oyida "UZAUTOMOTORS” Damas va Spark avtomobillarining narxini 21 foizgacha, Nexia, Cobalt va Lacetti narxini 15 foizgacha oshirgan edi. Malibu 2, Tracker, Trailblazer, Equinox, Traverse va Tahoe narxlari o‘zgartirishsiz qoldirilgan. Ushbu voqelik jamoatchilik, deputatlar orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh a’zolari "UZAUTOMOTORS” monopoliyasiga qarshi chiqdi, jamiyat bilan bahsga kirishdi. 

Oradan ko‘p o‘tmay mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgach, boshqa masalalar qatorida avtomobillar narxining oshishi ham pandemiya fonida qolib ketgandek bo‘ldi. Lekin, oradan besh oy o‘tib deputatlar va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur masalaning yechimi bo‘yicha yana harakatga tushdi. Qo‘mita tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Uning so‘nggi muhokamasi kecha, 19 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Muhokamaga jamiyatdan vakil taklif etilishiga qaramay, hech kim qatnashmagan. 

Tekshiruvlar natijasida  ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarning bazaviy ulgurji va chakana sotish narxlarining shakllantirilishida xarajatlarni asossiz oshirib kiritish orqali monopol yuqori narx qo‘llanilgani, natijada yengil avtomobillarning narxlari o‘rtacha 10,29 foizga oshirib shakllantirilgani aniqlangan. 

Shuningdek, iste’molchilarga yengil avtomobillarni dilerlar orqali realizatsiya qilishda Iste’molchilar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlarni sodir etish, shu jumladan shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarni hamda avtomobillarni realizatsiya qilish bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kirishiga to‘siqlar qo‘yish orqali ustun mavqeini suiste’mol qilish holatlari aniqlangan.

Maxsus komissiya tomonidan yuqoridagi holatlar atroflicha o‘rganilib, “UZAUTOMOTORS” AJga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Ularning eng asosiysi esa narx bilan bog‘liq bo‘lib:
 
•    Spark rusumli avtomobil LS M/T modifikatsiyasi chakana narxidan 3 002 010 so‘m va LT A/T modifikatsiyasi chakana narxidan 3 563 704 so‘m;

•    Nexia 3 rusumli avtomobil LT M/T modifikatsiyasi chakana narxidan 3 112 039 so‘m va LTZ A/T modifikatsiyasi chakana narxidan 3 792 325 so‘m;

•    Cobalt rusumli avtomobil LT M/T modifikatsiyasi chakana narxidan 4 404 493 so‘m va LTZ A/T modifikatsiyasi chakana narxidan 10 526 707 so‘m;

•    Gentra rusumli avtomobil SX M/T modifikatsiyasi chakana narxidan 13 825 248 so‘m, SX M/T CNG modifikatsiyasi chakana narxidan 13 718 618 so‘m va CDX A/T Plus modifikatsiyasi chakana narxidan 19 806 932 so‘m;

•    Damas rusumli avtomobil DLX modifikatsiyasi chakana narxidan 15 458 984 so‘m, VAN modifikatsiyasi chakana narxidan 15 746 315 so‘m va Labo modifikatsiyasi chakana narxidan 13 052 930 so‘m asossiz kiritilgan xarajatlarni chegirish va ushbu mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish belgilangan. 

Biroq, bugun, 20 avgust kuni “UZAUTOMOTORS” AJ bayonot bilan chiqib, ushbu shartlarni bajarmasligini, narxlarni ham tushirmasligini, aksincha, so‘nggi nuqtani sud qo‘yishini ma’lum qildi

Bunga nisbatan “UZAUTOMOTORS” AJ monopoliyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgan deputatlardan biri Doniyor G‘aniyev ham munosabat bildirdi. U shunday deydi: 

“Kutganimizdek “UZAUTOMOTORS” Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qarori ustidan sudga shikoyat qilishini e’lon qilibdi.  

Nima ham deymiz.  Faqatgina odil sudlov bo‘lishini hamda tekshiruv davomida aniqlangan fakt va raqamlar sud tomonidan inobatga olinishini umid qilib qolamiz.  

“UZAUTOMOTORS” sud orqali jarayonni qanchalik cho‘zishga va shu orqali masalani kun tartibidan chiqarishga harakat qilmasin, biz baribir qo‘mita bilan birgalikda kompaniya bilan oxirigacha kurashamiz”. 


Maqola muallifi

Teglar

Doniyor G'aniev UZAUTOMOTORS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing