“Oq-tepa lavash”ning barcha savdo nuqtalari yopib qo‘yildi
Jamiyat
−
08 iyun 2019
108364 iyun kuni Toshkentdagi “Oq-tepa lavash” tamaddixonalarida 15 kishi zaharlangani haqidagi xabar sizning ham qulog‘ingizga chalingandir. Zaharlanganlarning uch nafari og‘ir ahvolda edi. Kecha, 7 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi bayonotni e’lon qildi. Unda zaharlanganlar soni 26 nafarga ortgani, masala jiddiy tus olgani aytiladi. Uch kun ichida zaharlanganlar umumiy hisobda 41 kishini tashkil etdi. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, “Ovqat toksikoinfeksiyasi”, “O‘tkir ichak kasalligi” va “O‘tkir diareya” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ayni vatga kelib Toshkent shahrida joylashgan barcha – 14 ta “Oq-tepa lavash” tarmoq oshxonalari yopib qo‘yilgan. Bo‘lgan hodisalardan esa tarmoq oshxonaning 400 nafar xodimi ham hayratda. Bu haqda “Oq-tepa lavash” MCHJ direktori Hayot G‘ulomov shunday deydi:
“400 kishilik jamoamiz uchun ham nihoyatda kutilmagan hodisa. Chunki, butun mahsulotlarning hammasi non seximizda, lavash seximizda chiqariladi. Go‘sht va tovuq mahsulotlari hammasi tayyor mahsulot sifatida qayta ishlanib, savdo nuqtalarimizga olib kelinadi. Shuning uchun 10 yillik faoliyatimiz davomida hech qanday hodisalar bo‘lgan emas.
Sergeli va Qo‘yliqda bo‘lgan voqea xususida shuni aytishim mumkinki, 4 iyun kuni kechqurun avtomatning yaxshi ishlamasligi sababli elektr tarmog‘ida uzilish bo‘lgan. Lekin, xulosa qilishga hali erta. Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya stansiyasi savdo nuqtalarimizda tekshirish ishlarini olib borishmoqda. Mahsulotlar hammasi olingan. Ular laboratoriya tekshiruvidan o‘tmoqda. O‘sha tekshiruv natijalar chiqqanidan keyingina biz aniq xulosani aytishimiz mumkin.
Hozirda “Oq-tepa lavash” korxonasi rahbarlari hammasi qaysi shifoxonada bizning mijozimiz bo‘lsa, hammasi bilan aloqada, hammasidan xabar olishyapti, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishyapti. Ularning tuzalib ketishi uchun nima kerak bo‘lsa, hammasini qilamiz”.
Ma’lumot o‘rnida, bemorlarning 16 nafari Mirobod tumani “Qo‘yliq-5” massivida joylashgan, 19 nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida, 3 nafari Uchtepa tumanida, 1 nafari Shayxontohur tumanidagi Chorsu bozori hududida, 1 nafari Olmazor tumanida joylashgan “Oq-tepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni va yana bir nafar fuqaro buyurtma asosida keltirilgan mahsulotni o‘z xonadonida iste’mol qilgan.
Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda “Oq-tepa lavash” rahbariyatiga nisbatan yaxshigina e’tirozlar kelib chiqmoqda. Rahbariyat ta’kidlaganidek, avtomatda elektr energiyasi uzilishi bilan bog‘liq muammo yuzaga keldi ham deylik, ammo nima uchun bir joydan emas, har xil nuqtalardan taom iste’mol qilgan xo‘randalar zaharlandi. Axir elektr tarmog‘i hamma joyda bir vaqtda uzilmagandir.
LiveBarchasi