Bir oilaning 7 a’zosi zaharlandi. Ahvol jiddiy!

Jamiyat

image

Qashqadaryoda 7 kishi “Botulizmga gumon” – ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot  xizmati xabar bermoqda. 

Kecha, 14 noyabr kuni soat 09:00 larda Chiroqchi tumani Langar MFY Tutli qishlog‘ida yashovchi 7 nafar fuqaro tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Bemorlarga ovqatdan zaharlanish – “Botulizmga gumon” tashxisi qo‘yilgan. Ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uch nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali reanimatsiya bo‘limiga, to‘rt nafari esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Aniqlanishicha, bemorlarning deyarli barchasi bir oila vakillari: oila boshlig‘i 38 yoshli N.H., uning turmush o‘rtog‘i 37 yoshli Yu.U., farzandlari 13 yoshli A.T., 9 yoshli egizaklar H.T. va F.T., 5 yoshli T.T. hamda jiyani 5 yoshli L.T.lardir.

Epidemologik surishtiruv davomida va bemorlarning bir haftalik taomnomasi o‘rganilganida quyidagilar aniqlangan:

Bemorlar joriy yilning 13 noyabr kuni kechki payt soat 17:00 da N.H.ning xonadonida osh bilan uch litrli shisha bankada uy sharoitida tayyorlangan pomidor konserva mahsulotini iste’mol qilishgan. Ertasi kuni ertalab soat 08:30 larda ularning barchasida ko‘ngil aynishi, holsizlanish, qayt qilish kabi kasallik alomatlari paydo bo‘lgan. So‘ng bemorlar shu kuni tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilishgan.

“Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialida davolanayotgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga “Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligi I darajasi” tashxisi qo‘yilgan. Ularning ahvoli jiddiy. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan qolgan bemorlarning ahvoli esa qoniqarli. Ayni paytda tajribali shifokorlar tomonidan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda”, deyiladi xabarda.

Bemorning xonadoni o‘rganilganda uy sharoitida tayyorlangan turli hajmdagi 13 dona konserva mahsuloti tegishli tartibda iste’moldan olinib, yo‘q qilingan.

Hozirda tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan hudud aholisi o‘rtasida botulizm kasalligining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari kuchaytirilib, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Xonadonlarda uy sharoitida tayyorlangan, iste’molga yaroqsizligi aniqlangan konserva mahsulotlarini yo‘q qilish choralari ko‘rilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Ovqatdan zaharlanish Botulizm

Baholaganlar

142

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing