41 kishining zaharlanishida faqat “Oq-tepa lavash” aybdormi?
Tahlil
−
10 iyun 2019
10788Bolaligimizdan ota-onamiz bilan bozorga borib, qornimiz ochgudek bo‘lsa, uni-buni olib bering deyishdan tiyilganmiz. Ularni chiqimdan ayaganimiz uchun emas, bozordagi ovqatlarni yeb, biror kasallikni yuqtirib olishdan, juda bo‘lmaganda, kinna kirishidan qo‘rqqanimiz uchun. Bu bundan 20 yil avvalgi xotiralar. Ammo bu fikr menda hamon o‘zgarmadi. Chunki, o‘zbek oshxonalaridagi sanitariyada 20 yilda ham katta o‘zagarish bo‘lgani yo‘q.
Kuni kecha “Oq-tepa lavash” tamaddixonalarida 41 kishi zaharlangani haqidagi xabar sizning ham qulog‘ingizga chalingandir. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, “Ovqat toksikoinfeksiyasi”, “O‘tkir ichak kasalligi” va “O‘tkir diareya” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Bemorlarning 16 nafari o‘z kasalliklarini Mirobod tumani “Qo‘yliq-5” massivida joylashgan, 19 nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida, 3 nafari Uchtepa tumanida, 1 nafari Shayxontohur tumanidagi Chorsu bozori hududida, 1 nafari Olmazor tumanida joylashgan “Oq-tepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni va yana bir nafar fuqaro buyurtma asosida keltirilgan mahsulotni o‘z xonadonida iste’mol qilgan.
Xalqimiz ko‘cha taomlari, yarimtayyor mahsulotlarga juda o‘rgangan. Ayniqsa, yoz oylarida ko‘p qavatli uyda diqqa nafas bo‘lib o‘tirgandan, oila davrasida uyi yaqinidagi “fast-fud”ga borishni ma’qul ko‘radiganlar ko‘p. Qolaversa, aholining asosiy qismi topayotgan daromad kunda tuzuk restoranlarda tushlik qilish uchun yetmaydi. Odamlar o‘zini arzon oshxonaga uradi. “Fast-fud”larning aksariyati xalqning cho‘ntagiga mos, o‘rtamiyona, xizmat sifati ham, servis ham hamin qadar. Sochi yoyilgan, tirnog‘iga lakni bejagan ofitsiant qizlar, qo‘lini tongdan beri suvga olib bormagan ayrim yigitlar shu oshxonalarda yelib-yugurib xizmat qiladi. Ba’zilarning bu yerda oqvatlanishga ko‘ngli tortmaydi, boshqalar e’tiborsiz. Chala yuvilgan, lab bo‘yog‘i qolib ketgan stakanlar, ustida yog‘i qotgan likoplar... Bu oddiy xo‘randa ko‘rib, payqab turgan xatolar. Oshxonaga bosh suqsangiz haqiqiy manzara qandayligini ko‘rasiz, bu tasvirdan keyin ovqatlanishga ko‘nglingiz tortadimi-yo‘qmi, buyog‘i ham shaxsiy ishingiz.
O‘tgan yili poytaxtda joylashgan “Oq-tepa lavash” shoxobchasida suvaraklar borligi tasvirlangan videolar tarqaldi. Shaxobcha xodimlari xalqdan uzr so‘rab chiqdi, oshxona bir necha kunga yopildi. Oz fursatda qayta ish boshlab, yana avvalgi mavqeini tiklab oldi. Xo‘sh, undagi sanitariya-epidemiologiya holati yaxshilandimi? Yaxshilanganda bugungidek 41 kishi zaharlanarmidi, degan savol sizda ham tug‘ilayotgan bo‘lishi tabiiy va siz qaysidir ma’noda haqsiz.
Bundan bir necha kun avval, “Oq-tepa lavash” rahbariyati bo‘lib o‘tgan voqealardan hayratda ekanini ma’lum qilib, bunga mahsulotlar saqlanishi jarayonida tunda elektr tarmog‘ida uzilish kuzatilganini aytib chiqdi. Bir tarafdan olib qarasangiz, u sho‘rlikni ham tushunsa bo‘ladi. Kuchli shamol “Oqtepachi”larning muzlatgichi ulangan elektr toki simini ham chetlab o‘tmagandir, shu bois elektr tarmog‘ida uzilish bo‘lib, mahsulotlar aynib qolgandir, deyish mumkin. Ammo, muzlatgichdan oshxonaga yetib borayotgan mahsulotning sifati nima uchun nazoratga olinmagan? Nimaga elektr toki uzilgani ma’lum bo‘lsa ham, mahsulotlar shoxobchalarga yetkazib berilgan? Nega elektr toki uzilishi bilan bog‘liq holatlar inobatga olinib, favqulodda vaziyatlar uchun generatordan foydalanilmagan? Bu kabi savollar juda ko‘p. Oshxona ochgan kishi shunchaki tadbirkor, uning qo‘l ostida mehnat qilayotganlar esa oddiy ishchi emas, balki minglab, millionlab odamlar hayotiga mas’ul bo‘lgan shaxslardir. Xo‘sh, ular bugungacha bu mas’uliyatni his qildimi? Yo‘q, albatta. Buni nafaqat “Oq-tepa” misolida, balki respublikadagi yuzlab restoran va “fast-fud”lar, “pirojki”chi opaxonlar misolida aytish mumkin.
Qachon, qachon, qachon? Qachon falon mamlakatga o‘xshaymiz? Qachon piston narsa bizda ham bo‘ladi? Bunday savollar son-sanoqsiz. Lekin, Yevropa bo‘ladimi yoki boshqa qit’aning rivojlangan mamlakatlari, ular avtomatlashtirilgani yo‘q. Programmalashtirilib, hammasi o‘z-o‘zidan bunyod ham bo‘lgani yo‘q. Standart ham, madaniyat ham, etika ham yillar davomida harakat va xarajat evaziga qozonildi. Aytaylik, ko‘plab mamlakatlarda restoratorlik shunchaki biznes emas, balki o‘ziga yarasha ta’limni talab qiluvchi soha sanaladi. Oddiygina ofitsiant bo‘lish uchun ham ming jig‘iriqdan o‘tish kerak. Sochi yoyilgan, tirnog‘i bo‘yalgan hamshira qanchalik odamlarning jig‘iga tegsa, huddi shu alfozdagi ofitsiant ham mijozning ko‘nglini aynitadi. Ammo, bizda bularga qanchalik amal qilinayotganini o‘zingiz har kuni ko‘rib, guvoh bo‘lib turibsiz.
Tanganing ikkinchi tarafi
Faqat tadbirkor va uning qo‘l ostida taom tayyorlayotgan va uni xo‘randagacha yetkazib berish bilan shug‘ullanayotganlarni ayblashdan yiroqmiz. Ayb o‘zimizda ham bor.
“Biz o‘tgan yillar davomida u qildik, bu qildik”, deb og‘iz ko‘pirtirishga ustamiz. Ammo birgina sog‘liqni saqlash tizimida aholining o‘z salomatligiga bo‘lgan e’tiborini kuchaytira olmadik. Iste’mol madaniyati, tibbiy madaniyat degan so‘zlarni o‘ylab topdik, ammo amal qilishga kelganda... Har qanday kasallikka eng yaxshi da’vo – uning oldini olish. Xo‘sh, bunga qanchalik erishdik? Ayniqsa, yoshlar orasida. Ha, sog‘lom turmush tarzi, muntazam jismoniy faoliyat bilan band bo‘lish haqida ko‘p gapiriladi. Amalda ham bir necha ishlar qilindi. Ammo bular havoga uchmayaptimi? Har qaysi kishi eng avvalo mustahkam salomatlikka iste’mol madaniyatidan: u xoh dori iste’moli, xoh taom, xoh ichimlik iste’moli bo‘lsin, to‘g‘ri tanovuldan yetishi kerakligini qanchalik o‘rgata, o‘rgana oldik?
Bugungidek zaharlanishlarda ko‘p jihatdan odamlarning o‘zi aybdor. Chunki, nima yeyayotganiga, qayerda ovqatlanayotganiga bee’tibor. Aniq aytamanki, 41 kishi zaharlangan “Oq-tepa lavash”ga o‘xshagan boshqa “fast-fud”lar bugun ham odamlar bilan gavjum. Yana shunisi aniqki, “Oq-tepa”dagi holat boshqalarda takrorlanmasligiga kafolat yo‘q. Yana o‘sha o‘zbek jamiyatiga xos holat: qo‘limni yuvib ovqatlansam bo‘ldi, nima iste’mol qilishimning farqi yo‘q.
Kunda-shunda bozorlarda pishirilayotgan “pirojki”, kabob, gamburger, xot-doglarga, pul tutgan qo‘li bilan, ovqatni ushlayotgan sotuvchilarga ko‘zingiz tushadi. Pashsha qo‘nib turgan bodring, pomidor, oftobda turgan moyonez... Ayrim oshpaz va ofitsiantlar ularni saqlash me’yorlariga umuman rioya qilmaydi. Bu yerlardagi taomlarning pishirilish sharoiti, oshxonadagi tartib va sanitariya talablariga javob bermasa, ham baribir o‘sha yerdagi ovqatni tonovul qilamiz. Boring ana, Chig‘atoydagi kabobxonaning ahvolini bilsak ham “mazasi boshqachada, o‘zi yaxshi ovqat shunaqa joylarda bo‘ladi”, deb kunda-kunora boramiz. Ko‘za kunda emas, kunida sinishini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Xalq-ku sodda. Ko‘pchilik gigiyena, sanitariyaning farqiga bormas. Lekin, bunga mas’ul bo‘lganlarning ko‘zi qayerda? Oddiy xalq ko‘rib, bilib turgan, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan surat va videolar nahot sanitariya-epidemiologiya markazi xodimlari qo‘ligacha yetib bormayapti?
Aslida 2003 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston rRspublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan bo‘lib, unda umumiy ovqatlanish shoxobchalariga qo‘yiladigan sanitariya talablari belgilab qo‘yilgan. Qaror kuchga kirganiga ham 16 yil to‘ldi. Lekin, 16 yil ichida o‘zbek oshxonalaridagi vaziyat o‘zgardimi? Shoshmang, “ha, o‘zgardi”, deb katta ketmang! Men bitta ovqatining puliga bir haftalik ro‘zg‘or qilsa bo‘ladigan restoranlarni nazarda tutmayapman. Bugun o‘rtacha oylik deb aytilayotgan 1 500 000 so‘mga kunda tushlik qiladigan odamlar boradigan oshxonalardagi vaziyat o‘zgarganmi?
Aslida sanitariya-epidemiologiya markazi xodimlari oshxona va do‘konlarni ma’lum muddat davomida tekshiruvdan o‘tkazib borishi kerak. Lekin, bu tekshiruvni do‘konchilar, oshxonaga egalari jiddiy qabul qilmaydi.
Sanitariya-epidemiologiya markazi xodimlari oshxonalardagi antisanitariya holatlarini aniqlashi, jiddiy tekshiruvlar o‘tkazishi uchun kimdir zaharlanishi, o‘lishi kerakmi? Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi nega jim? Ulardan “Uzr-ku biz faqat shikoyat bo‘lsagina borib tekshirishimiz mumkin”, degan javobni olishimiz tayin. Lekin, bir narsaga ishonamizki, bu kabi zaharlanish holatlari va shikoyatlar sanoqsiz. Ular orasida shunchaki “bosdi-bosdi” bo‘lib ketayotganlari ham bor. Natijani o‘zingiz ko‘rib turibsiz: o‘zbek jamiyatida, o‘zbek oshxonasida hech narsa o‘zgarmagan...
Ko‘plab xorijiy mamlakatlarda restoranlar reytinglari yuritiladi, ularga faoliyat olib borishi uchun alohida sertifikat beriladi. Oshpazlar kuchli sinovlar asosida ishga qabul qilinadi. Biz bunga qachon yetib kelamiz? Vaziyat o‘zgarmas ekan, “Oq-tepa lavash”ga o‘xshash arzon oshxonalarda hali yuzlab fuqarolarimiz zaharlanadi.
LiveBarchasi