“Oqtepa lavash”da zaharlanganlar 41 nafarga yetdi

Jamiyat

image

Avvalroq, joriy yilning 4 iyun kuni Toshkentda 15 kishi ovqatdan zaharlangani, ularning 3 nafarining ahvoli og‘ir ekani haqida xabar bergan edik. O‘tgan vaqt davomida ovqatdan zaharlanganlar soni yana 26 nafarga oshib, zaharlanganlar 41 nafarni tashkil etmoqda. Ma’lum qilinishicha, zaharlanganlar shu kuni poytaxtdagi “Oqtepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalaridagi tezpishar taomlarni iste’mol qilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liq saqlash vazirligi ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq mazkur holat bo‘yicha navbatdagi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi:

“Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yil 4 iyun kuni Toshkent shahrining ayrim hududlaridagi “Oqtepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida qayd etilgan ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Joriy yil  7 iyun soat 14:00 ga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga 29 nafar, shahar 5-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 8 nafar, shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2 nafar va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2 nafar bemor ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana harorati ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, “Ovqat toksikoinfeksiyasi”, “O‘tkir ichak kasalligi” va “O‘tkir diareya” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi. 

Ayni paytda shifoxonada bemorlardan laboratoriya tahlillari uchun tegishli barcha namunalar olinib, ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etildi. Mazkur shifoxonalar va uning bo‘limlari zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shprits va sistemalar bilan yetarli miqdorda ta’minlangan.

Mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshiruv natijasiga ko‘ra,  bemorlarning 16 nafari o‘z kasalliklarini  Mirobod tumani “Qo‘yliq-5” massivida joylashgan, 19 nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida, 3 nafari Uchtepa tumanida, 1 nafari Shayxontohur tumanidagi Chorsu bozori hududida, 1 nafari Olmazor tumanida joylashgan “Oqtepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni va yana bir nafar fuqaro buyurtma asosida keltirilgan mahsulotni o‘z xonadonida  iste’mol qilganliklari bilan bog‘lashmoqda.

Poytaxtimizda yuz bergan ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. Vazirlik tomonidan yuzaga kelgan epidemik vaziyat joyiga chiqib o‘rganilib, bemorlarga va mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hozirda shifoxonada davolanayotgan bemorlarning ahvoli qoniqarli, og‘ir bemorlarning yo‘qligi sabab bugun  kunning ikkinchi yarmida ularning bir guruhiga uylariga ketish uchun ruxsat beriladi va bemorlar o‘zlari ro‘yxatda turgan hududdagi oilaviy poliklinikalar nazoratiga olinib, patronaj xizmati bilan qamrab olinadi”.
 


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash vazirligi Oqtepa lavash ovqatdan zaharlanish

Baholaganlar

80

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing