Imomo‘g‘li josuslik ishi bo‘yicha ham hibsga olindi
Olam
−
28 Oktabr 3768 2 daqiqa
Turkiya xalqaro jinoiy sudi Istanbulning sobiq meri va muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi yetakchilaridan biri Ekrem Imomo‘g‘lini “siyosiy josuslik”da ayblab, hibsga olish orderini chiqardi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.
Imomo‘g‘li bilan birga “Tele1” telekanali bosh muharriri Merdan Yanardag hamda Imomo‘g‘lining maslahatchisi va saylov kampaniyasi rahbari Nejati O‘zkan ham josuslikda ayblanib hibsga olingan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ularga fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini xorijiy davlatlarning razvedka xodimlariga yetkazishda ayblov qo‘yilgan.
Mahalliy OAVning yozishicha, ular 2019 yilgi Istanbul meri saylovlari paytida saylovchilarning maxfiy ma’lumotlarini noqonuniy tarzda to‘plab, profil yaratish orqali strategiya ishlab chiqqanlikda gumon qilinmoqda. Prokuraturaning ma’lum qilishicha, Istanbul Senin nomli ilova orqali xorijga 4,7 million kishining shaxsiy va joylashuvi haqidagi ma’lumotlar yuborilgan.
Nashrning yozishicha, tergov joriy yilning iyul oyida josuslikda gumonlanib, hibsga olingan Hyuseyin Gyun faoliyati bilan bog‘liq. Uning telefonidan Isroil fuqarolari va terrorchilik guruhlari bilan aloqada bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning pasport suratlari topilgan. Shuningdek, u chet el konsulliklari xodimlari bilan aloqa o‘rnatgani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya sudi Istanbulning sobiq meri Ekrem Imomo‘g‘lini u Beylikduzu tumaniga rahbarlik qilgan davrdagi korrupsiya ishi bo‘yicha oqlagandi. Ekrem Imomo‘g‘li va yana olti kishi ustidan ish 2023 yil yanvar oyida qo‘zg‘atilgan. Ayblovga ko‘ra, siyosatchi 2015 yilda Beylikduzu tumani hokimi lavozimida ishlagan chog‘ida tender natijalarini soxtalashtirishda ishtirok etgan. Buning ortidan esa unga uch yildan yetti yilgacha qamoq jazosi tahdid solayotgandi.
Qayd etish joiz, ilk bor Ekrem Imomo‘g‘li va uning matbuot bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongun 19 mart kuni korrupsiyaga qarshi o‘tkazilgan maxsus operatsiya doirasida qo‘lga olinib, sudga olib kelingan edi. Shundan so‘ng, mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlandi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bu vaziyatga munosabat bildirib, muxolifatni Imomo‘g‘li hibsga olishini siyosiylashtirishda aybladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiya sudi Ekrem Imomo‘g‘lini hibsga olish haqida qaror chiqardi. Shahar meri lavozimini muxolifat partiyasining vakili Nuri Aslan egalladi. Iyul oyida esa Istanbul sobiq meriga prokurorni haqorat qilgani uchun 20 oylik haqiqiy ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi