Oiladagi nizolarga sabab ayol o‘zini turmush o‘rtog‘idan ustun bilishidir – Odinaxon Muhammad Sodiq
Jamiyat
−
21 aprel 2021
7580Bismillahir rohmanir rohiym, Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga salotu durudlarimiz bo‘lsin. Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh.
Ramazon oyi bandalar uchun shunday fursatki, bu oyda o‘zimiz uchun yaxshi amallarni kasb qilamiz. Kamchilik va nuqsonlardan holi bo‘lishga harakat qilamiz.
Bugungi kunda ba’zi oilalarda janjallar ko‘paygan. Bu janjallarning ildiziga ahamiyat beradigan bo‘lsak, oila a’zolarining bir-birlariga bo‘lgan muomalalaridagi kamchiliklarni ko‘ramiz. Ramazon oyini fursat bilib, mana shu kamchiliklarni to‘g‘rilashga harakat qilishsa, ulardan holi bo‘lish baxtiga ham muyassar bo‘lishadi.
Oiladagi nizolarga asosiy sabab ayol kishining o‘zini turmush o‘rtog‘idan ustun bilishidir. Bu masalaga kirishdan oldin shariatda nima deyilganiga e’tibor qaratsak. Alloh taolo o‘zining muqaddas kitobida “Erkaklar ayollarning ustidan rahbardirlar”, deya marhamat qilgan. Mana shu oyatda oilada kim rahbar bo‘lishi ochiq-oydin aytilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan shunday hadis bor: “Agar inson bolasi boshqa bir inson bolasiga sajda qilishi mumkin bo‘lganida edi ayollarni erlariga sajda qilishiga buyurgan bo‘lardim”, deya marhamat qilganlar. Shu kabi hadislardan ham dalolatki, oilada faqat erkak kishi rahbardir. Agarda biz buni buzsak, Qur’onga qarshi ish qilgan bo‘lamiz. Lekin Qur’onda va hadislarda kelishiga qaramasdan ayrim ayollar mana shu gunoh amalni bajarishga urinishmoqda.
Alloh taolo erkak kishini rahbar qilib qo‘yishida ko‘p hikmat bor. Alloh o‘zi yaratgan bu ikki jinsning tabiatini, xususiyatini yaxshi biladi va ularning xilqatidan kelib chiqib, ularga vazifalar yuklagan. Erkak kishi ayol kishiga qaraganda kuchliroq, aqlliroq, tadbirkorroq va imkoniyat jihatdan ustun bo‘lgani uchun u ayol kishiga mas’uldir. Ayol kishi o‘z tabiatidan kelib chiqib, uyning ichidagi ishlarga buyirilgan hamda nozik masalalar unga yuklatilgan. Masalan, turmush o‘rtog‘iga xizmat va bolalar tarbiyasi kabi.
Yangi turmush qurgan oilalarda ko‘p kuzatiladigan holatlardan biri shuki, agar kelin tomon mavqe jihatdan yoki moddiy tomonlama kuyov tarafdan boyroq bo‘lsa, kelin turmush o‘rtog‘ining uyida o‘zini ustundek tuta boshlaydi. Kelinning otasi kuyovga avtoulov yoki uy kabi ko‘chmas mulk sovg‘a qiladigan bo‘lsa, buni ko‘rib turgan kelinning oilada ustunlik qilgisi keladi. Shuning uchun biz sarpolarda me’yor bo‘lishi haqida ko‘p aytamiz. Bu kabi haddan oshish esa ayollarimizning tabiatini buzmoqda.
Shuningdek, oilada ayol kishining ishlashi yoki turmush o‘rtog‘idan ko‘proq maosh olishi ham ayol kishini oilada ustun bo‘lishga undaydi. Ba’zi ayollarning “Men pul topyapman, kerak bo‘lsa erimni ham ta’minlab qo‘yganman”, degan gaplarini eshitamiz. Er oilada ustun bo‘lishni istagan ayolining holatidan, albatta, jahli chiqadi hamda ayoliga nisbatan nafrati oshadi. Buning oqibatida esa oilada nizo kelib chiqadi. Ayolining bunday nojo‘ya xulqi oqibatida erkakning ruhiyatiga kuchli zarar yetadi. Natijada esa boshqa ayollarga e’tibor qaratishi yoki oilasiga xiyonat qilishi ham mumkin. Chunki erkak o‘z ayoli tomonidan ulug‘lanishini, yuqori ko‘tarilishini xohlaydi. Er o‘z ayolidan bunday fazilatlarni topa olmagach, boshqa ayollardan qidira boshlaydi. Yoki o‘ziga tasalli bo‘lishi uchun xarom qilingan qimor kabi o‘yinlarga, ichish kabi illatlarga ruju qo‘yib yuborishi mumkin. Natijada esa oilada nizolar kelib chiqa boshlaydi, ayol eriga itoat qilishni istamaydi va oila buziladi.
Ayol kishining o‘z turmush o‘rtog‘iga gapirayotganda qo‘lini beliga qo‘yib, baland ovozda mensimasdan murojaat qilishi umuman go‘zal holat emas. Ayniqsa, bu kabi holatlar yoshi katta ayollar o‘rtasida ko‘proq uchrayapti. Ya’ni “O‘g‘illarni qatorlashtirib tug‘ib qo‘ydim, ularni katta qildim, uyli-joyli qildim. Endi nima desam, shu bo‘ladi, butun “saltanat” meniki bo‘lishi kerak”, deb turmush o‘rtog‘iga ham bepisandlik bilan muomalada bo‘lishmoqda. O‘g‘il va kelin o‘rtasida nizo kelib chiqsa ham qaynota aralashganini kam ko‘ramiz. Sababi oilada ayolning aytgani aytgan, degani degan. Hattoki, sovchilikda ham, ya’ni o‘g‘liga kelin tanlashda ham ayollar ustunlik qilishadi. Buni qarangki, ba’zi ayollar voyaga yetgan farzandlariga ham imkon bermaydi.
Farzandlar ham ota-ona istagi vojib ekan deb, ularning barcha niyatlarini, u hattoki noto‘g‘ri bo‘lsa ham amalga oshirishmoqda. Ayniqsa, onalarining. Agarda farzand onasining niyati noto‘g‘ri ekanligini va uni bajarishni istamayotganligini aytsa, onasi uni “oq” qilishi bilan, norozi bo‘lishi bilan tahdid qiladi. Bu nafaqat urf-odatlarimizga, balki odamgarchilik nuqtai nazaridan ham xatodir. Buni qarangki, ayolning ustun bo‘lish tuyg‘usi nafaqat turmush o‘rtog‘ining, balki farzandlari va kelinlarining ham xafa bo‘lishiga olib keladi.
Agarda oilada erkak kishi rahbar bo‘lsa, yuqoridagi kabi noxush holatlar kuzatilmaydi. Noto‘g‘ri vaziyatlarda ayoliga tanbeh beradi, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi va insof bilan hukm chiqaradi. Oilada erdan ustun bo‘laman, deyish kibrga ham kiradi. Kibr esa katta gunohlardan biridir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Qalbida zarra kibr bo‘lganlar jannatga kirmaydi”, deya marhamat qilganlar. Agarda ayollar ustunlik qilishga urinishmasa, kibrga berilishmasa oilalarimiz tinch bo‘ladi, jamiyatimiz ham sog‘lom bo‘ladi. Vassalamu alaykum va rahmatullohu va barokatuh.
Odinaxon Muhammad Sodiq
LiveBarchasi