Zelenskiy musulmonlar bilan iftorlik qildi
Olam
−
08 aprel 2023
14647Kecha, 7 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev viloyatining Chayki qishlog‘ida joylashgan Qrim musulmonlarining “Birlik” markaziga borib, u yerda musulmonlar bilan birga iftorlikda ishtirok etdi. Bu haqda Ukraina rahbari Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qrim musulmonlari markazidagi iftorlikda qrim-tatar xalqi yetakchisi Mustafo Jemilev hamda jamoat va diplomatik muassasalar vakillari ishtirok etgan.
Iftorlikda nutq so‘zlagan Ukraina rahbari bu musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi yangi an’ananing boshlanishi bo‘lishini ta’kidlagan.
“Bugun biz Ukraina uchun ana shunday an’anani – rasmiy darajada iftorlikni – qahramonlarimiz, hozirgi musulmon askarlari, qrim-tatar xalqi majlisi, Ukrainaning butun musulmon jamoatchiligi vakillari bilan birga boshlayapmiz. Bu bilan biz Ukraina har bir insonni, har bir jamiyatni qadrlashini tasdiqlaymiz”, degan Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tinchlik va yovuzlikdan himoyalanishga intilayotgan musulmonlar hamda butun dunyo musulmon jamoasidan minnatdor.
“Hammamizni iymon birlashtiradi. Bizga ertaga nima bo‘lishini aniq bilish imkoni berilmagan. Ammo hammamiz bir narsaga aminmiz: bizni sindirish, bo‘lish va yo‘q qilish mumkin emas. Ayniqsa, bizning asosiy jihatimiz – qadriyatlarimizni yo‘q qilib bo‘lmaydi, chunki birlik va erkinlik yo‘lida o‘zaro hurmat bilan olg‘a yuramiz. Bizga bu eng muhim narsani bergan, bizga hayot bergan zotga iymon keltiramiz va u bizga g‘alaba keltiradigan kun kelishiga ham ishonamiz”, degan Ukraina Prezidenti.
Shuningdek, Zelenskiy tadbir davomida Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi uchun janglarda o‘zini ko‘rsatgan askarlarga mukofotlar topshirgan.
LiveBarchasi