Parlamentda Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar bo‘yicha Ombudsman tanqid qilindi
Tahlil
−
25 fevral 2020
17764Parlamentda Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar bo‘yicha Ombudsman tanqid qilindi. Vakilga vazifalar topshirildi
2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblangani va tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgani haqida “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqola va filmni taqdim etgan edik.
Ushbu maqola va maxsus filmda so‘zga olingan masalalar, tergovda qiynoqlarga solingan fuqarolarning boshdan kechirganlari bugun keng jamoatchilik e’tiboriga tushib, muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Bugun, 25 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar.
Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev hisobot bilan so‘zga chiqdi. Deputatlar Ombudsmanning 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqqan.
QALAMPIR.UZ manbasining xabar berishicha, deputatlar Rasul Kusherboyev, Xurshid Do‘stmuhammad, Safar Ostonov Bosh prokuraturadagi shafqatsiz qiynoq bo‘yicha tayyorlangan film yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga yuzlanishgan va tanqidiy savollarga tutishgan.
Berilgan e’tirozlar tergovdagi qiynoqlar, gumonlanuvchilarni saqlashdagi sharoitlar, tergov vaqtidagi g‘ayriqonuniy ravishdagi muomalalar bo‘yicha Ombudsman qilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yayotgan sustkashliklar tanqid ostiga olingan. Ulug‘bek Muhammadiyev bu masalalarga chora ko‘rilmayotgani, nega bunday masalalar deputatlarga yetib kelmayotgani haqida savollarga tutilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha QALAMPIR.UZ saytida e’lon qilingan “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” filmi misol sifatida aytilgan va filmdagi holat “dahshatli” deya baholangan.
Deputatlar Ombudsmanga amaliy choralar ko‘rish uchun yana qanday vakolatlar berish kerakligini so‘rab, qanday huquqiy yechimlar berilishi bo‘yicha takliflar tayyorlab kelish vazifasini yuklaganlar. Fuqarolar davlat organiga “ustingdan Ombudsmanga shikoyat qilaman” deganda hayiqadigan bo‘lishi, amaldorlar qonuniy ish olib borishi bo‘yicha amaliy choralar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Tanqidllar so‘ngida Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ulug‘bek Muhammadiyevga ushbu masala yuzasidan Bosh prokuratura boshlagan tekshiruvda hamkorlikni amalga oshirish va yakuni bo‘yicha hisobot topshirish vazifasi yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, maqolada 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblanganligi, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgani bayon etilgandi.
Shuningdek, tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgani ma’lum qilingandi.
Mazkur filmga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi munosabat bildirib, hozirda Bosh prokuratura tomonidan tekshirish harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.
“Tekshirish natijasiga ko‘ra, e’lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Hozirgacha mazkur holatga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi munosabat bildirdi va yagona tergov organi tuzish talabi bilan chiqdi. Deputat Rasul Kusherboyev esa filmda qayd etilgan holatlar bo‘yicha javobgarlar jazolanishi kerakligini aytib chiqdi.
LiveBarchasi