Odil Ahmedovning MTJdan ketishi – yo‘qotish emas – Mirzahakim To‘xtamirzayev

Intervyu

image

Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda “qo‘lga kiritilgan” mag‘lubiyatdan keyin Milliy terma jamoa o‘yinchisi Odil Ahmedov iste’fo berdi. Mazkur holat futbol muxlislari tomonidan iliq qabul qilinmagani aniq, albatta. Jurnalist va futbol sharhlovchi Mirzahakim To‘xtamirzayev esa Odil Ahmedovning futboldan ketishini “yo‘qotish emas”, deb baholamoqda. U bu haqda QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida gapirgan. 

“Nazarimda, hozirgi Ahmedovning ketishi yo‘qotish emas. Istaymizmi-yo‘qmi, butun dunyoda futbolchilar 30 yoshdan o‘tgach, avval terma jamoada, so‘ngra klublardagi faoliyatini yakunlaydi.

Tabiiyki, bundan 4 yil avvalgi Odil bugungisidan kuchliroq edi. Odilni yaxshi ko‘raman, u ham meni yaxshi ko‘radi, degan umiddaman. Munosabatimiz yaxshi, lekin u o‘z davrida o‘zbek futboliga beminnat xizmat qildi. O‘rnak va ruhlantira oladigan kuch sifatida gavdalandi. 2011 yilda katta pullar evaziga arab klublariga o‘tmasdan "Anji"da, undan so‘ng "Krasnodar"da va katta summa evaziga "Shanxay SIPG" klublarida doimiy asosiy tarkibda maydonda harakat qilishi, boshqalarga o‘rnak. Futbol ortidan o‘zbek xalqining sevimli Odiliga aylandi. 

To‘raqo‘rg‘onda o‘zining futbol akademiyasini ochdi. Hozir Toshkentda uning bo‘limlari faoliyati yurityapti. Ularda shug‘ullanayotgan bolalar keyingi Jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlariga qadar yetuk futbolchilarga aylanishlari uchun butun jamoa harakat qilyapti. U aytmoqchi bo‘lgan fikr, mening nazdimda, “futbolga hammaning qayg‘urishi, Vatan futboli uchun o‘z manfaatlarini o‘ylamasdan harakat qilib, uni ko‘tarish uchun ishlasa”, degan ma’noda. Unga alam qilgan. U shuning uchun ham, "Agar hozir o‘zgarmasak, har to‘rt yilda uzr so‘rab yuraveramiz", deydi To‘xtamirzayev. 

Ma’lumki, Odil Ahmedov joriy yilning 19 iyun kuni O‘FA kongressida so‘zga chiqib, iste’fo bergani aytdi va ketar oldi tizimni o‘zgartirish kerakligiga, futbolni rivojlantirishni bolalar futbolidan boshlash zarurligiga ishora berdi. Mirzahakim To‘xtamirzayev QALAMPIR.UZ bilan suhbatda davom etarkan, Odil Ahmedovning gaplaridan qanday signal olganini quyidagicha izohladi. 

“Odilning ko‘nglidan nima o‘tganini faqat uning o‘zi biladi. Odilning armonlari haqida gap ketsa, Mirabror Zufarovich viloyatlarda maydonlarni shakllantirib berdi. Asosiy zarur bo‘ladigani bu maydon hisoblanadi. Biroq, milliy terma jamoaning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari uchun bazasi yo‘q. Qurilishi rejalashtirilgan, har xil sabablarga ko‘ra muddati cho‘zilyapti. Birinchisi, terma jamoalar uchun baza kerakligi. Ikkinchisi, jamolarni shakllantirish va musobaqalari o‘tkazishda oshkoralik va shaffoflik. Avvalgiga nisbatan kamaygandir, biroq yon bosishlar hali ham bor. Sotib olingan, deyish fikridan yiroqman. Hakamlarimiz qaror chiqarishda, mutasaddilarimiz esa sharoit yaratishda yon bosishadi. 

So‘nggi hafta voqealari haqida gapiraylik, stadion yoritgichlarining nosozligi sabab, "Andijon", Toshkentda, "Surxon" AGMK maydonida o‘yin o‘tkazyapti. Mehmon rolidagi jamoa o‘z uyida o‘ynayapti. Klub rahbarlari neytral maydonni ijaraga olish uchun pul sarflagisi kelmagandir, lekin, o‘z-o‘zimizni aldayapmiz-ku. PFL qat’iyat, prinsipiallik degan tamoyilini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Nima uchun yoritgichlari yaxshi holatda bo‘lmagan stadionlarni yil boshida qabul qilyapti? Nima uchun dabdalasi chiqib yotgan Navoiydagi maydonda futbol o‘ynalyapti? Buni hamma ko‘rdi.

O‘tgan yili "Qo‘qon" va "Navbahor" stadioni yaxshi holatga kelguncha mehmonda o‘yin o‘tkazdi, bu yil esa "Qizilqum"ga ruxsat berildi. Sabab nima? Qayerdadir kimgadir qat’iy talab qo‘yilyapti-da, kimgadir qo‘yilmayapti”, deydi To‘xtamirzayev. 

Mirzahakim To‘xtamirzayev bilan videointervyuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

MTJ Odil Ahmedov Mirzahakim To'xtamirzaev

Baholaganlar

176

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing