Odamlarning ko‘zi go‘rga kirgach ochiladimi yoxud Hukumat qayerda xato qildi?
Tahlil
−
29 mart 2020
43074O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan joriy yilning 30 mart soat 06:00 dan 20 aprel soat 00:01 ga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida avtomobillar maxsus ruxsatnoma (stiker)larsiz boshqarish taqiqlanishi haqida xabar bergan edik.
Avtomobillarda harakatlanishning cheklanishi ko‘plab fuqarolarda norozilik tug‘diryapti. Xususan, o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlagan yoki yo‘nalishsiz taksi xizmatini ko‘rsatish orqali tirikchilik kiladigan fuqarolarni bu hol mushkul vaziyatda qoldiryapti.
Biroq oddiy bir haqiqatni tan olish kerakki, ayni vaziyat shuni taqozo etyapti. Hukumat ko‘ngli tusagani uchun avtomobillar harakatini taqiqlamadi. Aksincha, hozirgi vaziyat davlatning iqtisodiy rivojlanishi va byudjetga tushumni to‘xtatib qo‘ydi. Davlat hozirgi harajatlarni qoplash uchun zahira mablag‘larini ishlatishiga to‘g‘ri kelyapti. Tibbiyotda qandli diabet yoki qorasonga chalingan odamning hayotini saqlab qolish uchun uning zararlangan tana a’zosi kesiladi. Davlat ham hozirda xalqini saqlab qolish uchun shunday qurbonliklar qilishga majbur bo‘lyapti.
Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelgach, ikki hafta davomida imkon qadar uydan chiqmaslik, odamlar to‘planadigan oilaviy tadbirlarni o‘tkazmaslik so‘raldi. Ammo bunday vaziyatda qanday harakat qilish kerakligini bilmaydigan, bir so‘z bilan aytganda madaniy dunyoqarashi shakllanmagan ayrim odamlar rasmiy ogohlantirishlarni mensimay 100-150 kishilik to‘y va boshqa yig‘inlar o‘tkazishda davom etyapti. Karantin qoidalari kuchaytirilib, javobgarlik belgilangan shu kecha-kunduzda uyiga tumonat odam yig‘ib, to‘y qilayotganlar ham bor. Bu bilan bog‘liq surat va videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda. Natijada 14 kunda koronavirus yuqtirganlar 133 nafarga yetdi. Ularning 2 nafari vafot etdi. Xo‘sh, xalqning ko‘zi qachon ochiladi?
Davlatning asosiy vazifasi fuqarolari salomatligini himoya qilish, bu nimaning evaziga bo‘lsa bo‘lsin, ammo davlat aholisini himoya qilishi kerak. Ayni holatda davlatning chaqiriqlariga qaramay, o‘z bilganini qilayotgan fuqarolarni yosh bolaga o‘xshatish mumkin. Yoshlikda bola kasal bo‘lgani uchun dorini o‘z xohishi bilan ichmasa, majburlashdan boshqa chora qolmaydi. Davlat ham o‘z bolalarini saqlab qolish uchun majburlov apparatini ishga tushirishga majbur bo‘lyapti.
Avtomobillarda harakatlanishni cheklash esa fuqarolarni odam gavjum bo‘ladigan joylar, masalan, bozorga borishdan tiyib turadi. To‘g‘ri, bu holat qator noqulayliklarni ham keltirib chiqaryapti. Misol uchun, ro‘zg‘or qilish, ishga qatnash va shu kabi... Ammo bu masalar yechimsiz qolayotgani yo‘q. Bozor qilish uchun kurerlik xizmatlari faoliyati saqlab qolinyapti, aslida ro‘zg‘or uchun zarur narsalarni bugungi kunda har qaysi do‘kondan ham topish mumkin. Ishga borish markazlashtirilgan tartibda hal qilinyapti. Tashkilot va korxonalar xodimlari uchun avtobuslar tashkil qilyapti. Viloyatdan Toshkentga kelib, uyiga qaytolmay qolganlar, yo‘li to‘g‘ri kelgan avtomobillarga mindirilib, manziliga yetkazilyapti. Davlat tashkilotlari, hatto, Vazirlar Mahkamasi va vazirliklarda ham imkon qadar masofadan ishlash tartibi o‘rnatilyapti.
Ammo yana bir masala borki, buni hal qilish uchun mahalla raislari va faollarining ko‘magi zarur bo‘ladi. Bu ham bo‘lsa, yolg‘iz yashovchi qariyalar masalasi. Avtomobillar harakati to‘xtatilgach, yolg‘iz qariyalar holidan xabar oluvchi yaqinlarining ham imkoniyati cheklanadi. Shunday vaziyatda Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va faollar yolg‘iz yashovchilar holidan xabar olib turishi, hududdagi imkoniyati bor insonlar esa qo‘lidan kelgancha moddiy yordam berishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Har holda bu bizning xalqimizga yot tushunchalar emas-ku.
To‘g‘ri, Hukumatda ham qaysidir ma’noda xatolik o‘tdi. Davlat bu cheklovni joriy qilishda boshqacharoq yo‘l tutgani yaxshiroq bo‘lardi. Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida avtomobillar harakatini birdaniga emas, bo‘lib-bo‘lib to‘xtatganida edi, fuqarolar vahima ko‘tarmagan bo‘larmidi. Hozir bu taqiqlovni eshitgan odamlar qish ichi bo‘shagan oziq-ovqat zahiralarini to‘ldirish uchun bozorlarga yopirildi. Bir tomondan odamlarni vahima qilmaslikka chaqirib, ikkinchi tomondan kutilmaganda bunday qaror chiqarish ham to‘g‘ri emas. Tasavvur qiling, bozorda yurganlardan biri virus yuqtirib olgan bo‘lsa, nima bo‘ladi? Bozorda virus yuqtirganlar uyiga borib, yana qancha odam bilan muloqot qiladi? Shu o‘rinda Hukumatning qarorni e’lon qilish shaklini yoqlab bo‘lmaydi.
Bugun butun dunyoda O‘zbekistondagi kabi va hatto undan qattiqroq cheklovlar o‘rnatilyapti. Hozirgi vaziyatda butun O‘zbekiston xalqi Yevropa va AQSHdagi ahvolga qarab xulosa qilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ko‘z o‘ngimizda dunyoning eng rivojlangan davlatlari birgina virusni tizginlay olmadi. Qaytangi, Sharq davlatlari – Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur yangi koronavirusni tez nazoratga oldi va ijobiy natijalarga erishdi. COVID-19 o‘chog‘i bo‘lgan Xitoy eng qattiq tartiblarni o‘rnatib, 11 mln aholi yashovchi shaharni to‘la izolyatsiya qilish, odamlarni esa o‘z mavzelaridan chiqishini taqiqlash orqali 2 oy deganda koronavirusni deyarli yengdi. O‘zbekistondagi choralarni hatto rossiyalik telejurnalist Andrey Malaxov ham ma’qullab chiqdi. Rossiyada odamlar karantin vaqti kaboblar tayyorlab dam olayotganini qoraladi. Hindistonda esa politsiya odamlarni rezina kaltak bilan urib uyiga haydayapti. Bularning bari o‘sha odamlarning sog‘ligi uchun qilinyapti.
Tibbiyoti misli ko‘rilmagan darajada rivojlangan Yevropa davlatlari esa minglab qurbonlar beryapti. Hozir raqamlarga to‘xtalishning hojati yo‘q. Chunki bu raqamlar har soniyada yangilanyapti va muntazam odamlarga yetkazilyapti.
Shunday ekan, hurmatli fuqarolar uyingizdan chiqmasdan, Hukumat o‘rnatgan tartibga amal qiling va vaziyat izdan chiqishiga sababchi bo‘lib qolmang. Namanganda qizidan koronavirus yuqtirib olib, vafot etgan va birorta yaqinlarisiz so‘nggi manzilga kuzatilgan onaxonning taqdiridan xulosa chiqaring.
LiveBarchasi