Odamlarni “uxlatgan” soxta Aksilkorrupsiya agentligi xodimi qamaldi
3-sahifa
−
12 mart 2022
6807Facebook ijtimoiy tarmog‘ida M.M. nomli profil egasi o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, aldov yo‘li bilan noqonuniy daromad qilayotgan shaxs 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda agentlik Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu shaxs o‘zganing mulkini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan. Shuning uchun 2019 yil avgust oyida fuqaro D.S.ga bankdan 1,5 mlrd AQSH dollariga teng kredit olib, katta biznes boshlamoqchiligini aytgan. Bu biznesida D.S.ni o‘ziga ish boshqaruvchi sifatida ishga olishiga ishontirib, kreditning birinchi to‘lovi uchun undan 110 mln so‘m miqdorida qarz so‘ragan.
2020 yil 22 yanvar kuni notarial tartibda tuzilgan o‘zaro qarz shartnomasida M.M. ushbu mablag‘ni 2020 yil 23 avgust kuniga qaytarishni, aks holda o‘zi boshqarib yurgan Captiva rusumli mashinani D.S.ning nomiga rasmiylashtirib berishni qayd etgan. Shunga qaramay, M.M. va’dasini bajarmay, pullarni o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Eng qizig‘i mashina ham aslida o‘zganing nomida bo‘lgan.
Bundan tashqari M.M. o‘zining jinoiy harakatlarini yana davom ettirib, firibgarlikka takroran qo‘l urgan. Bu gal u fuqaro N.S.ga o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, avtomashina va uy olib berishni va’da qilgan. Evaziga undan aldov yo‘li bilan 11 ming dollar olgan.
Ma’lum bo‘lishicha, M.M. agentlik tomonidan o‘tkazilgan rasmiy tadbirlarda boshqa fuqarolar qatorida ishtirok etib, ushbu tadbirlar yuzasidan Internet tarmog‘ida berib borilayotgan foto-video lavhalarni o‘ziga saqlab olgan. Mazkur ma’lumotlarni atrofidagilarga ko‘rsatish orqali o‘zini Agentlik xodimi ekanligiga ishontirishga harakat qilib kelgan. Shuningdek, u Facebook ijtimoiy tarmog‘ida profil ochib, o‘zining agentlikdagi ish faoliyati to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni joylashtirib kelgan.
Bunday firibgarlikdan jabrlangan fuqaro N.S. M.M.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, agentlik direktori nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani ichki ishlar idorasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
“Sud hukmiga ko‘ra, M.M. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, sud qarorida M.M.dan jabrlanuvchi D.S.ning foydasiga 110 mln so‘m, N.S.ning foydasiga esa 130 mln so‘m undirilishi belgilangan.
LiveBarchasi