Obama Trampning hokimiyatga qaytishidan xavotirda

Olam

image

AQSHning 44-Prezidenti demokrat Barak Obama AQSHning amaldagi yetakchisi, 81 yoshli Jo Baydenga sobiq prezident Donald Trampning Oq uyga qaytishi ehtimolidan xavotirda ekanligini va saylovoldi kampaniyani faollashtirishi zarurligini aytdi. Bu haqda AQSHning “The Washington Post” gazetasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Obama Bayden va uning yordamchilari bilan Amerikaning amaldagi rahbari shtab-kvartirasiga Oq uy ruxsatisiz qaror qabul qilish huquqini berish, shuningdek, kampaniyani qayta tashkil etish zarurligini muhokama qilgan.

Unga ko‘ra, Obama so‘nggi oylarda Oq uydagi kechki ovqat paytida Bayden bilan shaxsan bu mavzuda gaplashgan va bu haqda jamoatchilikka ma’lum qilinmagan. Sobiq prezident Trampga raqib bo‘lishi mumkin bo‘lgan respublikachilarning qattiq raqobati sharoitida kampaniyani yanada kuchaytirishni ta’kidlagan. Obama, shuningdek, Baydenga 2012 yilgi qayta saylov kampaniyasini muvaffaqiyatli o‘tkazgan saylovoldi shtabining sobiq a’zolaridan maslahat olishni uqtirgan. 

Ma’lumot uchun, joriy yilning noyabr oyida AQSHda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida amaldagi prezident Jo Bayden Demokratik partiya vakili sifatida oliy hukumat lavozimiga qayta saylanish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini ma’lum qilgan edi. O‘z navbatida sobiq prezident Donald Tramp ham o‘z nomzodini qo‘yishni 2022 yil noyabrida e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning so‘nggi kunlarida AQSHning Kolorado  va Men shtatlari Donald Trampga prezidentlikka nomzodini qo‘yishni taqiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Oq uy Barak Obama Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing