Kolorado Oliy sudi Trampga prezidentlikka nomzodini qo‘yishni taqiqladi
Olam
−
20 dekabr 2023
4767Kolorado Oliy sudi Donald Trampning AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘yish huquqiga ega emasligi haqida qaror chiqardi. Bu haqda CNBC xabar berdi.
Qaror sobiq prezident mart oyida bo‘lib o‘tadigan Respublikachilar partiyasi uchun boshlang‘ich va noyabrda bo‘lib o‘tadigan umumiy saylovlarda Koloradoda saylov byulleteniga kiritilmasligini anglatadi.
Hukm Konstitutsiyaga kiritilgan o‘n to‘rtinchi tuzatishga asoslanadi: u qo‘zg‘olonda qatnashganlarning saylovda ishtirok etishini taqiqlaydi. Yetti nafar sudyadan to‘rt nafari qaror uchun ovoz bergan.
Qaror 2024 yil 4 yanvardan kuchga kiradi va boshqa shtatlar uchun majburiy bo‘lmaydi. Sudyalar Trampning advokatlari AQSH Oliy sudiga shikoyat qilishlari mumkinligini bildirgan.
Bu holatda u Koloradoda hukm chiqarilgunga qadar kuchga kirmaydi, biroq Tramp tomoni mag‘lub bo‘lsa, barcha shtatlarga tegishli bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning avgust oyida Donald Trampga 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bostirib kirishga aloqador federal ayblovlar qo‘yilgan. Federal sudyalar hay’ati unga to‘rtta modda bo‘yicha ayblov e’lon qildi, ulardan ikkitasi 5 yilgacha, yana ikkitasi esa 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi. Sobiq prezident o‘z aybini tan olmadi.
LiveBarchasi