Nursulton Ro‘ziboyev Borraloga qarshi jangi nima sababdan bekor qilinganini ochiqladi
Sport
−
12 Oktabr 2023
5294Avvalroq, o‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyevning 4 noyabrdagi jangi bekor qilingani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ mazkur xabar yuzasidan sportchining o‘zi bilan bog‘lanib, bunga nima sabab bo‘lganiga oydinlik kiritdi.
Ro‘ziboyevning ma’lum qilishicha, u joriy yilning 26 sentyabr kuni mashg‘ulot jarayonida oyog‘idan jiddiy jarohat olib, shifokorga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Shifoxonada esa sportchining oyog‘i gipslangan.
“Jarohat olganimni eshitishganidan so‘ng telefon qilib jang bekor qilinishini aytishdi, biz esa tiklanish uchun biroz vaqt so‘radik. Oradan 10 kuncha vaqt o‘tgach, shifokor hali gipsni yechishga erta ekanini ma’lum qildi. Shu bilan jarohatdan ikki hafta o‘tib ham og‘riqlar borligini hisobga olgan holda jangni bekor qilishga majbur bo‘ldik. Guvohi bo‘layotganingizdek, bir-ikki kun ichida ko‘p narsa o‘zgarib ketishi mumkin”, deydi Nursulton.
Sportchining qo‘shimcha qilishicha, hozirda jarohat to‘liq bitgan va sekin-asta mustaqil harakatlanishni boshlagan.
“Nasib qilsa to‘liq tiklanib, keyingi janglarga tayyorgarlikni boshlayman, xavotir olgan hammaga rahmat”, deydi u.
Ma’lumot uchun, Ro‘ziboyev bunga qadar 43 marta oktagonga ko‘tarilib, 35 ta jangida g‘alaba qozongan, 8 ta bahsda esa raqiblariga imkoniyatni boy bergan. Uning UFC'dagi natijasi 1-0 va Ro‘ziboyev promoushendagi ilk jangida braziliyalik MMA'chi Bruno Ferreyra bilan jang qilib, uni nokautga uchratgan edi.