Nurafshon shahriga qaysi vazirlik va idoralar ko‘chirilishi belgilangan?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilning yanvarida Toshkent viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari va tijorat banklarining viloyat boshqarmalari hamda tashkilotlarini Nurafshon shahriga ko‘chirish vazifasi qo‘yilgan edi.

Oradan bir yilu uch oy vaqt o‘tganiga qaramasdan vazirlik va idoralarning 20 ga yaqin boshqarmasi Nurafshonga hali ham ko‘chirilmagan.

Oliy Majlis Senati to‘qqizinchi yalpi majlisida bu masalaga e’tibor qaratilib, buni qanday izohlash mumkin, degan savol o‘rtaga tashlandi. 

– O‘tkazgan o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, moliya, soliq, statistika, bandlik va mehnat munosabatlari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, veterinariya nazorati boshqarmalari kabi tuzilmalar ko‘chirilmagani ma’lum bo‘ldi, – dedi Senat raisi N.Yo‘ldoshev. – Bu viloyat hokimligi uchun ko‘plab qiyinchiliklar va muammolarni keltirib chiqarmoqda. Mazkur tuzilmalar bevosita mas’ul va javobgar bo‘lgan sohalardagi muammolarni o‘z vaqtida hal etishga sun’iy to‘siq bo‘lmoqda. 

Toshkent viloyatida aholi bandligini ta’minlash borasida ham muammolar mavjud. Ayni paytda viloyatda qariyb 15 ming 800 ish o‘rni bo‘sh turibdi.

Poytaxt bilan tutash bo‘lgan hududda shuncha ish o‘rnining bo‘sh turganini mutasaddilar qanday izohlaydi? Nahotki, ular yillar davomida ish izlab yurgan odamlarning ovozini eshitmayotgan bo‘lsa?!

Aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish, ichimlik suvi ta’minoti, avtomobil yo‘llari, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalardagi dolzarb muammolar ko‘lamining boshqa hududlarga qaraganda poytaxt viloyatida g‘oyat kengligi ham tashvishlanarlidir.

Birgina misol: viloyat aholisining 60 foizi chiqindilarni tozalash va ularni olib chiqish bo‘yicha xizmatlardan bebahra qolmoqda.

Viloyatdagi ichki avtomobil yo‘llarining 65 foizi, ichimlik suvi tarmoqlarining 63 foizi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani birinchi navbatda mas’ul vazirlik va idoralar uchun izoh talab qilinadigan savollardir.


Maqola muallifi

Teglar

Senat Nurafshon

Baholaganlar

102

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing