So‘kong‘ich Yoshlar ishlari bo‘limi rahbari ishdan olindi

3-sahifa

image

Avvalroq, Nurafshon shahar Yoshlar ishlari bo‘limi rahbari Mirkarim Ahmadjonovning mahalla yoshlar yetakchilariga nisbatan qo‘pol va haqoratomuz munosabatda bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu audioyozuv bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va Nurafshon shahar hokimligi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. O‘rganish jarayonida ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgan.

Aniqlanishicha, joriy yil 18 avgust kuni Mirkarim Ahmadjonov mahalla yoshlar yetakchilari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish davomida xizmat odobi va kasbiy etika talablarini qo‘pol ravishda buzib, keskin hamda haqoratomuz munosabatda bo‘lgan.

Shuningdek, xizmat tekshiruvi davomida Mirkarim Ahmadjonovning ish faoliyatida ham qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan Mirkarim Ahmadjonov bilan suhbat o‘tkazilib, unga aniqlangan kamchiliklar va ularning salbiy oqibatlari tushuntirilib o‘tilgan. Suhbat davomida u qilgan qo‘pol xatti-harakatlarini tan olgan holda, o‘zi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishini bildirgan.  

Natijada Mirkarim Ahmadjonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Ish faoliyatidagi aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tekshiruvlar davom etayotgan bo‘lib, natijalari yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.

“Mazkur tizimda faoliyat yuritayotgan barcha rahbar va xodimlardan xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish, mehnat jamoasida sog‘lom muhitni ta’minlash, xodimlarning sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek, xizmat odobi va kasbiy etika talablariga qat’iy rioya etish talab etiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, mazkur tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor holatlar kuzatilsa, bu haqda belgilangan tartibda yuqori turuvchi rahbarlarga murojaat qilishingiz mumkin”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati Quva tumani hokimi Halimjon Umarovga fermerni haqorat qilgani uchun hayfsan intizomiy jazosi berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing