Nur-Sultonda Alisher Navoiy haykali o‘rnatiladi
Jamiyat
−
06 dekabr 2021 4484 2 daqiqa
Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda Alisher Navoiy haykali o‘rnatiladi. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralar vaqtida aytib o‘tdi.
Qozog‘iston yetakchisi ikki xalqning ma’naviy yaqinligi va ko‘p asrlik do‘stligi ramzi sifatida poytaxtda Navoiy haykali o‘rnatilishini ta’kidlagan.
Muzokaralar davomida gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilingan.
Shuningdek, tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatlar va mintaqaviy yaqinlashuv g‘oyalarini ilgari surgan holda tashqi siyosat sohasida yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdilar. Prezidentlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini ishtirokchi davlatlar manfaatlariga qat’iy hurmat asosida mavjud salohiyatlardan maksimal darajada to‘liq foydalanish maqsadida takomillashtirish yo‘lida maqsadli ish olib borishga kelishib olgan.
Avvalroq O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Harbiy tarixni o‘rganish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Rossiyaning Samara viloyatida Amir Temur haykali o‘rnatilishi haqida xabar bergan edik.
Qaror bilan tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi"da Samara viloyatidagi Kodurcha vohasida mahalliy o‘lkashunoslar tomonidan buyuk harbiy sarkarda Amir Temurga bag‘ishlab o‘rnatilgan yodgorlik toshi o‘rnida Amir Temur va uning harbiy sarkardalari ifodalangan kompozitsion haykal o‘rnatish bo‘yicha ko‘rik-tanlov e’lon qilish hamda tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan haykal majmuasini o‘rnatish yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan memorandum tuzish ishlarini olib borish belgilangandi.
Live
Barchasi