Mirziyoyev Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘zaro raqobat qilmasligini aytdi
Jamiyat
−
06 dekabr 2021
4834Bugun, 6 dekabr kuni Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng, davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
“Samimiyat va ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda yetakchilar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston sherikligiga doir keng ko‘lamli masalalarni, shu jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni ko‘rib chiqdilar, xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar.
Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbarini tashrifi bilan qutlab, Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan yana bir bor tabrikladi va kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi, ushbu uchrashuvning muhim ahamiyatini alohida qayd etdi”, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati e’lon qilgan xabarda.
“Siz Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan kelganingizdan juda mamnunmiz. Hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishda ushbu voqea juda muhim. Bugun imzolanadigan hujjatlar sherikligimizga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi. Mamlakatlarimiz hukumatlariga belgilangan maqsadlarga erishish uchun sa’y-harakatlarni jadallashtirish topshirig‘ini berdik. O‘ylaymizki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi”, degan Qosim-Jomart To‘qayev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv Qozog‘iston mustaqilligining 30 yilligi arafasida o‘tayotganini ta’kidlagan hamda O‘zbekiston xalqi nomidan birodar qozoq xalqini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabriklagan, tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va yangi zafarlar tilagan.
Urashuvda bugungi kunda Qosim-Jomart To‘qayev rahbarligida Qozog‘iston Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyev boshlagan katta bunyodkorlik ishlarini davom ettirayotgani va barqaror taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotgani ta’kidlangan.
O‘zbekiston yetakchisi ikki birodar davlat o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining rivojlanish sur’atini mamnuniyat bilan qayd etgan.
“Keyingi yillarda hamkorligimizni mutlaqo yangidan tashkil etdik va bugun qo‘shma sa’y-harakatlarimiz o‘zining ilk salmoqli natijalarini berayotganini guvohi bo‘lib turibmiz. O‘zbekiston va Qozog‘iston – tabiiy iqtisodiy hamkorlar. Iqtisodiyotlarimiz raqobat qilmaydi, bir-birini to‘ldirib turadi. O‘zaro savdo ortmoqda. Joriy yilda tovar ayirboshlash rekord daraja – 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Avtomobilda va temir yo‘llari orqali yuk tashish hajmlari oshmoqda. Aviaqatnovlar to‘liq qayta tiklandi, yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. Yetakchi korxonalarimiz kooperatsiyani muvaffaqiyatli kengaytirmoqda. Keyingi yillarda iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida qo‘shma korxona va loyihalar soni 6 barobarga oshdi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani, bunda mamlakatlar hududlari va tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlangan.
O‘zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Turkiston shahrida Bosh vazirlar raisligida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Hududlar forumi o‘tdi. Kuni kecha Qozog‘iston poytaxtida qo‘shma biznes-forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Ushu tadbirlar natijasida jami 6 milliard dollarlik kelishuv va shartnomalar imzolangan.
“Bugun ikki tomonlama strategik sherikligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilamiz. Bu nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqaning izchil taraqqiyoti, barqarorligi va ravnaqi uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Yetakchilar mintaqa va xalqaro kun tartibining tomonlarni qiziqtirgan dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashganlar.
Uchrashuvda davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqlagan.