Nukusda o‘qdan qolgan gilzalar topilgani aytilmoqda. Milliy gvardiya vaziyatga izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tgan hududlardan o‘q otar qurollardan otilgan gilzalar topilgani aks etgan videotasvirlar tarqaldi. Unda gilzalar “tinch namoyishlar chog‘ida, tinch aholini o‘ldirgan o‘q dorilardan qolgani” aytilgan. 

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi mazkur xabarlarga munosabat bildirib, bu videotasvirda hech qanday o‘lganlar ko‘rsatilmaganiga e’tibor qaratgan.

“Shu sababli biz bu xabarlar yolg‘on ekanligini ma’lum qilamiz. Ommaviy axborot vositalari uchun o‘tkazilgan brifingda Milliy gvardiya vakillari haqiqiy o‘q-dorilar qachon ishlatilishi haqida aniq javob berishdi, ammo bu yerda ular ishlatilmadi”, deyiladi xabarda.

MGga ko‘ra, olomonni tarqatish va tartibsizliklarni bostirish uchun faqat maxsus vositalar – yorug‘lik, shovqin va tutun ishlatilgan.

“Aniqlik kiritib o‘tamizki, pirotexnika vositalari bilan to‘ldirilgan patronlarning o‘qlari maxsus 4 o‘qli qo‘shimchali Kalashnikov avtomatdan otiladi. Albatta bunday maxsus vositalarni qo‘llash uchun avtomatga paxtovon o‘qlar joylanadi. Olomonni tarqatish uchun ishlatilgan bu kabi maxsus vositalar qoldiqlarini topib olgan ayrim fuqarolar provokatsion ruxdagi videoxabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishni maqsad qilishgan. Biroq, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bunday vaziyatlarda qurollardan foydalanishi uchun qonuniy asoslari mavjud”, deyiladi Milliy gvardiya xabarida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

131

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing