Nukusda Trailblazer’ni olib qochgan erkak avtohalokatga uchradi
3-sahifa
−
04 may 2023
9478Qoraqolpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida 31 yoshli erkak birovning garajiga o‘g‘rincha bostirib kirib, xonadondagi Trailblazer avtomobilini o‘g‘irlab ketdi. Erkak avtomobilni mast holatda boshqargan va avtohalokatga uchragan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shu yilning 1 may kuni soat 01:40 larda noma’lum shaxs Nukus shahrida joylashgan 39 yoshli X.R.ga tegishli qurilishi tugallanmagan uy garaji oynasini sindirib, g‘ayri qonuniy tarzda kirgan. U garajdagi Trailblazer rusumli avtomashinasini eshiklari qulflanmagan, ochiq va kaliti o‘t oldirish joyida qoldirganligidan foydalanib, ushbu avtomashinani noma’lum tomonga olib qochib ketganligi aniqlangan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlar natijasida jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan Trailblazer avtomashinasi noma’lum shaxs tomonidan Nukus tumani hududidagi yo‘l chetidagi daraxtga urilib, ag‘darilgan holda topilgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joyda avtomashinada bo‘lgan noma’lum shaxs qo‘lga olinib, uning shaxsiga aniqlik kiritilgan. U muqaddam sudlangan 31 yoshli M.A. ekanligi va u o‘ta mast holdaligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan MAga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “g” bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Qayd etish joiz, Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
LiveBarchasi