“Eng yirik vino o‘g‘riligi”. Italiyada 30 ming shisha vino o‘g‘irlab ketildi
Olam
−
10:07 681 2 daqiqa
Italiyaning Toskana viloyatidagi vino zavodi omboridan qiymati 5 million yevro bo‘lgan 30 ming shisha vino o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 4 oktyabriga o‘tar kechasi mamlakatning eng qadimiy vino ishlab chiqaruvchi korxonalaridan biri – Marchesi Antinori omborida sodir bo‘lgan. Niqob taqqan yetti nafar erkak signalizatsiyani o‘chirib, Tignanello, Solaia va Guado al Tasso vinolari solingan qutilarni ikkita katta yuk mashinasiga ortib, o‘g‘irlab ketgan.
O‘g‘rilik zavod xorijdagi mijozlarga eng qimmat vinolaridan iborat katta partiyani jo‘natishga tayyorlanayotgan paytda sodir etilgan. Nashrga ko‘ra, bir shisha o‘g‘irlangan vinoning chakana narxi 150 yevrodan 500 yevrogacha turadi.
Ma’lum qilinishicha, o‘g‘rilik kuzatuv kameralariga tushgan. Politsiya tergov olib bormoqda, biroq gumonlanuvchilar hozircha qo‘lga olinmagan.
“Biz hali ham vinolarni topishga umid qilyapmiz. Ikkita yuk mashinasi shunchaki izsiz yo‘qolib qolmaydi. Bu vinolar juda qimmatli. Bunday katta miqdordagi mahsulotni butun dunyo bo‘ylab e’tiborni tortmasdan qanday sotish mumkinligini tasavvur qila olmayman”, degan Marchesi Antinori bosh direktori Renso Kotarella.
Kompaniya vakillariga ko‘ra, bu Italiya tarixidagi eng yirik vino o‘g‘riliklaridan biri. “Financial Times” nashri esa hodisa o‘g‘irlangan shishalar soni va qiymati jihatidan nafaqat Italiyada, balki dunyoda ham eng yirigi bo‘lishi mumkinligini yozgan.
Italiyada vino o‘g‘riliklari avval ham kuzatilgan. Biroq jinoyatchilar odatda Mishlen yulduzlariga ega restoranlar va qimmatbaho vinolar saqlanadigan yerto‘lalarni nishonga olgan. 2026 yil yozidan boshlab esa o‘g‘rilar vino ishlab chiqaruvchi korxonalarga ham hujum qila boshlagan. Jumladan, Banfi di Montalcino vino zavodining Pemont viloyatidagi omboridan 3 ming shisha Alta Langa vinosi o‘g‘irlangan. Kompaniya vakillari jinoyatchilar shishalarni sinchkovlik bilan tanlagani va nima qilayotganini yaxshi bilganini ta’kidlagan.
Sentyabr oyida esa to‘rt nafar o‘g‘ri Conterno Fantino vino zavodidan 3 ming shisha Barolo vinosini o‘g‘irlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 4 oktyabrdan 5 oktyabrga o‘tar kechasi Fransiyaning Issuar shahrida noma’lum shaxslar Salvador Dali qalamiga mansub, vazni 150 kilogramm bo‘lgan bronza kitob muqovasini o‘g‘irlab ketgandi.
Live
Barchasi