Nukusda tirik chaqaloqni yorib, o‘limiga sabab bo‘lgan shifokorlarga hukm o‘qildi

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda tirik chaqalok yorib ko‘rilgani va unda hayotiy belgilar aniqlanganiga qaramay, perinatal markazga berib yuborilgani xabar qilingandi. Oqibatda chaqaloq vafot etgandi.

Bugun, 18 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi binosida mazkur holat yuzasidan ochilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish yakunlanib, sudlanuvchilarga hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi xabar berdi.

Jinoyat ishi doirasida Mo‘ynoq tuman sudi tomonidan D. Abillayeva (1973 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hududiy perinatal markazi shifokori, oilali, 3 nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan), R. Saymanova (1972 yilda Kegeyli tumanida tug‘ilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori, oilali, 2 nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan) va G. Kalimbetova (1988 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Patologik anatomiya byurosi shifokori, oilali, 1 nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan) ga hukm o‘qildi. 

Mazkur hukmga ko‘ra: 

D. Abillayeva Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi, (25,168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi (boshqa jinoyat ishi doirasida) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 2 yil muddatga chaqaloqlarga reanimatsion yordam berish faoliyati bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

R. Saymanova Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 2 yil muddatga chaqaloqlarga reanimatsion yordam berish faoliyati bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan etgan holda, 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

G. Kalimbetovaning xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmaganligi bois aybsiz, deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlandi.

Qayd etilishicha, ushbu hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchilar esa hukm nusxasini olgan kundan boshlab, yigirma sutka ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya shikoyati berish yoki protest bildirishga haqli.


Maqola muallifi

Teglar

sud Nukus

Baholaganlar

742

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing