Nukusda portlash yuz berdi
Jamiyat
−
25 fevral 2019
23829Ijtimoiy tarmoqlarda ichida solyarka bo‘lgan sisternaning portlagani tasvirlangan suratlar paydo bo‘ldi. Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati ushbu surat va voqeani izohladi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 23 fevral kuni soat 16:39 da Qoraqapog‘iston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi Yong‘inni o‘chirish kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga Nukus shahar A.Utepov ko‘chasi raqamsiz uyda joylashgan “Qoraqalpoq qurilish” MCHJga qarashli Nukus shahar 2-sonli qurilish boshqarmasi hududida yoqilg‘i moy mahsulotini saqlash sig‘imida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida xabar kelib tushgan.
Xabar asosida zudlikda 4 ta yong‘in o‘chirish ekipaji jalb etilgan. Bo‘linmalar soat 16:43 da voqea joyiga yetib kelib, yong‘in soat 16:45 da qurshab olingan va soat 16:48 da to‘liq bartaraf etilgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in qo‘shni binolarga o‘tib ketishi oldi olingan. Yong‘in oqibatida yoqilg‘i moy mahsulotini saqlash uchun mo‘ljallangan 4,5 m3 sig‘im va undagi dizel yoqilg‘isi yonib zararlangan.
Shuningdek, hodisa oqibatida ushbu tashkilot ishchisi 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro J.X. kuyish tan jarohati olib shifoxonaga yuborilgan.
Yong‘inning taxminiy sababi sig‘imda elektr payvandlash ishlarini olib borishda yong‘in xavfsizligi talablarining buzilishi. Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
LiveBarchasi