Novosibirskda ko‘p qavatli uy portladi. Qurbonlar bor
Olam
−
09 fevral 2023
10708Bugun, 9 fevral kuni ertalab Novosibirskning Zayelsovsk tumanidagi Lineynaya ko‘chasidagi besh qavatli panelli binoda gaz portlashi sodir bo‘ldi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Portlash oqibatida uyga kiruvchi ikkita pod’ezd qulab tushgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yetti kishi halok bo‘lgan. Portlashdan keyin yong‘in boshlangan binodan 50 kishi evakuatsiya qilingan.
Portlash mahalliy vaqt bilan soat 07:43 da sodir bo‘lgan. Portlash joyida 300 kvadrat metr maydonda yong‘in chiqqan.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan. 10 kishi, jumladan 3 nafar bola taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Taxminan sakkiz kishi vayronalar ostida qolayotgan bo‘lishi mumkin. To‘qqiz kishi tan jarohati olgan va karbon monoksitdan zaharlangan. Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov qurbonlar orasida bolalar ham borligini qayd etdi.
Ikkita pod’ezd qisman qulab tushdi, kamida 30 ta xonadon vayron bo‘ldi.
Jami to‘qqiz kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan ikki nafari reanimatsiyada, deb xabar berdi Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi. Yana ikki nafariga ambulator sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Jabrlanganlar bilan ishlash Federal tibbiyot markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Hodisa joyiga Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Sibir qutqaruv markazining aeromobil guruhi va 20 ga yaqin tez yordam mashinasi yetib kelgan.
Favqulodda vaziyat hududida 283 kishi va 83 ta texnika, jumladan, Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining 167 nafar shaxsiy va 36 birlik maxsus va og‘ir texnikasi ishlayotgani aytildi.
Uy yaqinidagi maktabda vaqtinchalik yashash punkti tashkil etilgan. U yerda 40 nafar odam bor, 80 dan ortig‘i qarindoshlari va do‘stlarinikiga ketgan.
Hokimlikning aniqlik kiritishicha, favqulodda tiklash ishlarini olib borish maqsadida ko‘chalarning uyga tutash qismlari bo‘ylab transport harakati cheklangan.
Gaz portlashi sababining asosiy versiyasi gaz uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ulardan foydalanish qoidalarining buzilishi bilan bog‘liqligi aytilmoqda.
Viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining ma’lum qilishicha, uyning gaz uskunalari 2022 yil sentyabr oyida tekshirilgan.
Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin jinoiy ish bo‘yicha tergovni nazoratga oldi. Portlashdan bir necha kun oldin uyni ko‘zdan kechirgan ikki “gazchi” qo‘lga olingan.
“Kvartirasidan ayrilgan aholiga har biriga 100 ming rubldan to‘lanadi”, deydi shahar meri Anatoliy Lokot.
Shahar prokurori Roman Sivak jabrlanuvchilar munitsipalitetdan 32 ming rubl miqdorida to‘lov olishlarini aytdi.
Uy-joysiz qolganlar uchun kvartiralar viloyat byudjeti mablag‘lari hisobidan sotib olinadi.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Aleksandr Kurenkov departament markaziy apparati tezkor guruhi bilan birga Novosibirskka yetib keldi. Uning aytishicha, vayronalar ostidan odamlarni qutqarish imkoniyati past.
Uy 1966 yilda qurilgan bo‘lib, jami 60 xonadondan iborat. U gazlangan. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, unda 117 kishi ro‘yxatga olingan.
LiveBarchasi