Rossiya bir kunda 32 nafar o‘zbekistonlikni mamlakatdan chiqarib yubordi

Olam

−

image

Joriy yilning 16 oktyabr kuni Rossiyaning Novosibirsk viloyatida migratsiya qoidalarini buzgan 32 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi. Bu haqda “OTS–Gorsayt” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Novosibirsk viloyatining Kirov, Lenin va Novosibirsk tumanlarida migratsiya reydlari o‘tkazilgan. Chet el fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborishning asosiy sababi Rossiyaga kirish va mamlakatda bo‘lish qoidalariga rioya qilmaslik bo‘lgan.

Bir kun ichida O‘zbekistonning 32 nafar, Tojikistonning 9 nafar, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning 3 nafardan hamda Ozarbayjonning bir nafar fuqarosi Rossiya chegarasigacha olib borilgan.

Viloyat Federal sud ijrochilari xizmati bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bir hafta davomida migratsiya qoidalarini buzgan jami 91 nafar xorijlik mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Sud ijrochilari zarur hujjatlarni rasmiylashtirib, xorijliklarning davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlarigacha yetkazilishini nazorat qilgan. Mamlakatdan chiqarib yuborilgan fuqarolar vataniga qaytish chiptalarini o‘z hisobidan sotib olgan.

Rossiyada migratsiya qoidalarini buzish 2 mingdan 5 ming rublgacha ma’muriy jarima va mamlakatdan majburiy chiqarib yuborishga sabab bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Senoy bozorida migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish bo‘yicha keng ko‘lamli reyd boshlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing