Norvegiya Rossiya diplomatlarini persona non grata deb e’lon qildi
Olam
−
13 aprel 2023
5083Norvegiya hukumati Rossiya elchixonasining 15 nafar xodimini persona non grata deb e’lon qildi. Bu haqda bugun, 13 aprel kuni Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik mazkur qarorni Yevropadagi xavfsizlik vaziyatining o‘zgarishi hamda Rossiya tomonidan razvedka tahdidining ortgani bilan izohlagan. Rossiyalik diplomatlarga yaqin orada Norvegiya hududini tark etish buyurilgan.
“Bu Norvegiyadagi Rossiya razvedkasi faoliyatiga qarshi kurashish va uni pasaytirish, shu tariqa milliy manfaatlarimizni himoya qilishda muhim qadamdir”, degan Norvegiya Tashqi ishlar vaziri Anniken Xyuitfeldt.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya hozirda Norvegiya uchun eng katta razvedka tahdidini keltirib chiqarmoqda.
“Biz bunga juda jiddiy qaraymiz va hozir Rossiya razvedkasining mamlakatimizdagi faoliyatiga qarshi choralar ko‘rmoqdamiz. Biz rossiyalik razvedka agentlarining Norvegiyada diplomatik niqob ostida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi Norvegiya TIV rahbari.
Ma’lumot uchun, persona non grata diplomatik atamasi mezbon davlat yoki davlatlar ittifoqi hokimiyati tomonidan ruxsat berilmagan chet el shaxsini, shuningdek, qabul qiluvchi davlat yoki davlatlar ittifoqi hukumati tomonidan nomaqbul deb e’lon qilingan diplomatik vakilni anglatadi. Bunday shaxslar tez fursat ichida mamlakatni tark etishi talab qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Estoniyada bir nafar, Germaniyada esa 30 nafar rossiyalik diplomat persona non grata deb e’lon qilingan edi.
LiveBarchasi